Yangiliklar

O‘zbekistonda dam olish kunlari sel xavfi e’lon qilindi

sel
7, 9, 10-mart kunlari
Foto: «Oʻzgidromet»

Respublikaning ayrim hududlarida 7, 9, 10-mart kunlari kuchli yog‘ingarchiliklar kutilayotgani haqida tezkor ogohlantirish berildi. Bu haqda «Oʻzgidromet» xabar berdi.

Unga ko‘ra, xavf asosan Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining ayrim tumanlarida kuzatilishi mumkin. Xususan, tog‘li hududlarga yaqin bo‘lgan Yakkabog‘, Dehqonobod, Boysun, Urgut, Zomin, Bo‘stonliq, Pop, So‘x kabi hududlarda sel-suv toshqinlari yuz berishi ehtimoli yuqori.

Shuningdek, ayrim hududlarda kuchli yomg‘irlar natijasida yomg‘ir suvlari to‘planib, past joylarni suv bosishi mumkinligi ham qayd etildi.

Mutasaddilar tog‘oldi va tog‘li hududlarda yashovchi fuqarolarni, dam oluvchilarni hamda ushbu hududlardan harakatlanayotgan haydovchilarni ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirdi.

Aholiga ob-havo keskinlashgan paytda tog‘li hududlarga borishni cheklash, sel xavfi mavjud joylarda ehtiyot bo‘lish tavsiya etilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbekistonliklar mart oyida necha kun dam olishi haqida yozgandi.