O‘zbekistonda yangi uylar «aqlli» suv hisoblagichlari bilan majburiy jihozlanadi

2027-yildan boshlab O‘zbekistonda quriladigan yangi ko‘p kvartirali turar joy binolarida zamonaviy elektron ichimlik suvi hisoblagichlarini o‘rnatish majburiy bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Bu talab prezidentning 24-fevraldagi farmonida belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, yangi quriladigan ko‘p qavatli uylarda yo‘laklar va xonadonlarga texnik reglamentlarga mos keladigan, sertifikatlangan suv hisoblagichlari o‘rnatilishi shart bo‘ladi. Shu bilan birga, har bir xonadonga kiruvchi suv ta’minoti tarmog‘ida bittadan ortiq bo‘lmagan hisoblagich bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur choralarni amalga oshirish uchun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahri hokimliklari, shuningdek Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ul etib belgilangan.
2026-yilga mo‘ljallangan davlat dasturiga muvofiq, mamlakat bo‘yicha 305 mingdan ortiq suv hisoblagichlarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
«Aqlli» hisoblagichlarni joriy etish ishlari allaqachon ayrim hududlarda boshlangan. Jumladan, 2025-yil iyul oyidan Toshkent shahrida turar joy binolarida suv sarfini hisobga olish va nazorat qilishga mo‘ljallangan zamonaviy qurilmalar ommaviy o‘rnatila boshlagan. Loyiha Shayxontohur tumanida ikki yil davom etgan sinovdan so‘ng kengaytirildi. Dastlab 50 ming dona hisoblagich o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lsa, 2030-yilgacha ularning sonini 670 mingtagacha yetkazish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Texnopark kompaniyasi Akfa Build va Avstriyaning Diehl Metering kompaniyasi bilan hamkorlikda Osten markali suv hisoblagichlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.
Ayni paytda Eko Nom va Novator markalaridagi ayrim suv hisoblagichlarining sertifikat muddati tugagani sababli ularni yangi o‘rnatishga ruxsat berilmagan. Biroq avval o‘rnatilgan va plombalangan qurilmalardan foydalanishda davom etish mumkinligi ma’lum qilingan.
«Aqlli» suv hisoblagichlarini joriy etish ishlari Fransiyaning Suez kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan Toshkent shahrining ichimlik suvi va oqova tizimini modernizatsiya qilish loyihasi doirasida olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan suv tejovchi texnologiyalar qamrovi 2028-yilgacha 80 foizga yetkazilishi haqida yozgandi.