Pastdarg‘om tumanida sudya pora bilan qo‘lga tushdi

Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi $300 miqdorida pora olayotgan vaqtida ushlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Sudya 2022-yilda qabul qilingan hal qiluv qaroriga asosan aliment undirish belgilangan ish yuzasidan yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rib chiqish arizasini qo‘llab, ishni da’vogarning foydasiga hal etish evaziga $300 talab qilgan. Sudya joriy yilning 27-fevral kuni sud qarorini bekor qilib, ishni qayta ko‘rishni 11-mart kuniga tayinlagan.
Hozirda Bosh prokuratura sudyaga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atib, tergov harakatlarini olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq FVV xodimiga 30 ming dollar pora taklif qilgan tadbirkor ushlangan edi.