Yangiliklar

Qamchiq dovonidan o‘tadigan yo‘l uzaytiriladi

Mazkur yo‘lda 33 kilometrlik tunnellar va bir qator yirik muhandislik inshootlari barpo etiladi
Qamchiq dovoni
Foto: YHXX matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev transport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan yirik loyihalar bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Toshkent – Angren – Qamchiq dovoni yo‘nalishida 171 kilometr uzunlikdagi muqobil avtomobil yo‘lini qurish loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Rejaga ko‘ra, mazkur yo‘lda 33 kilometrlik tunnellar va bir qator yirik muhandislik inshootlari barpo etiladi.

Taqdimot davomida ushbu loyihalarni moliyalashtirish manbalari hamda xorijiy investorlarni jalb qilish bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar haqida ham axborot berildi. Shuningdek, avtomagistrallarni loyihalashda zamonaviy transport muhandisligi yechimlarini qo‘llash, intellektual boshqaruv va monitoring tizimlarini joriy etish, hamda harakat xavfsizligini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda yana Toshkent – Chorvoq va Urganch – Xiva yo‘llarini qurish loyihalarining amalga oshirilishi bo‘yicha ham ma’lumotlar taqdim etildi.

Toshkent — Chorvoq yo‘li loyihasi «Chorvoq – Chimyon» rekreatsion hududiga qatnovni yengillashtirish, shuningdek, Toshkent shahri, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari o‘rtasidagi transport infratuzilmasini yaxshilash maqsadida amalga oshiriladi.

Shuningdek, Xorazm viloyatida Urganch – Xiva yo‘nalishida mintaqadagi ilk pullik avtomobil yo‘li barpo etilishi boshlandi. Loyiha qiymati $120 millionni tashkil etadi.

Yangi trassa xalqaro standartlar asosida qurilmoqda. To‘rt tasmali avtomobil yo‘lining uzunligi 35 kilometr bo‘lib, asfaltbeton qoplama bilan jihozlanadi. Uning bir sutkalik o‘tkazuvchanlik quvvati 20 mingdan ortiq transport vositalariga mo‘ljallangan.

Loyiha doirasida 17 ta ko‘prik, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 1 ta tunnel va 5 ta maxsus o‘tish yo‘lagi barpo etiladi. Shuningdek, yo‘l boshida, o‘rtasida va oxirida terminal hamda ikkita servis punkti qurilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent – Samarqand yo‘nalishida 282 kilometrlik avtomagistral qurilishi haqida yozgandi.