
Samsung tomonidan 26-fevral kuni Unpacked taqdimotida taqdim etilgan Samsung Galaxy S26 seriyasining flagman modellari «Malika» bozorida sotuvga chiqdi. Kursiv Uzbekistan modelning bozordagi narxlari bilan tanishdi.
Yangi smartfonlar Android 16 operatsion tizimi va One UI 8.5 interfeysi bilan ishlaydi, u yerda asosan sun’iy intellekt (SI) funksiyalariga katta e’tibor qaratilgan. Galaxy AI tizimi vazifalarni tezroq bajarishga yordam beradi. Masalan, Photo Assist funksiyasi orqali suratlarni tezda tahrirlash mumkin.

Shuningdek, kontentni bevosita smartfonda yaratish imkoniyati mavjud. Yangi Now Nudge yordamchisi esa ekrandagi jarayonlarga asoslanib tezkor harakatlar va maslahatlarni taqdim etadi.
Galaxy S26 seriyasining global narxlari
256 GB xotirali Galaxy S26’ning asosiy versiyasi narxi $950 dan boshlanadi va rangidan qat’iy nazar bir xil narxda taklif etiladi. Samsung Galaxy S26+ (256 GB) versiyasi taxminan $1,06 ming turadi. Har ikkala modelda 12 GB operativ xotira mavjud bo‘lib, Dynamic AMOLED 2X ekranlari 120 Hz yangilanish chastotasi bilan taqdim etilgan. AQShda ushbu qurilmalar Snapdragon 8 Elite Gen 5 for Galaxy protsessorida ishlaydi, Yevropa uchun ishlab chiqariladigan versiyalarda esa Exynos 2600 protsessori o‘rnatilgan.

«Malika» bozorida narxlar qanday
Galaxy S26 Ultra (256 GB xotira) «Malika»da taxminan $1,3 mingga, 512 GB xotira bilan versiyasi esa taxminan $1,44 ming narxda taklif etilmoqda. Qurilma 6,9 dyuymli ekran, 5000 mA/soat batareya va 200 MP asosiy kamera bilan jihozlangan, bu esa uni kuchli va ko‘p funksiyali qurilmaga aylantiradi.

iPhone 17 Pro bilan taqqoslash
Solishtirish uchun, iPhone 17 Pro smartfonlarining 256 GB xotirali versiyasi «Malika»da $1,3 ming – $1,4 mingga sotilmoqda. iPhone 17 Pro Max (256 GB) taxminan $1,5 ming – 1,6 ming narxda mavjud. 512 GB, 1 TB va 2 TB xotirali Pro Max versiyalarining narxi esa $1,65 mingdan $2,9 minggacha o‘zgaradi. Arzonroq iPhone 17 Air (256 GB) modeli esa taxminan $970 narxda sotilmoqda.
Kursiv Uzbekistan nashri «Malika»da iPhone 17 modellari arzonlashgani haqida yozgan edi.
