
«Tottenhem» Angliya Premyer-ligasining 29-turida o‘z maydonida «Kristal Pelas»ga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Bu mag‘lubiyat tufayli London klubining turnir jadvalidagi ahvoli yanada og‘irlashib, quyi ligaga tushish xavfi ortdi.
Uchrashuvning 34-daqiqasida «Tottenhem» hujumchisi Dominik Solanke hisobni ochdi. Biroq oradan to‘rt daqiqa o‘tib, himoyachi Miki van de Ven qizil kartochka olib, maydonni erta tark etdi. Bu esa o‘yin taqdirini hal qildi. Birinchi bo‘lim oxirida «Kristal Pelas» o‘yinchisi Ismaila Sarr penaltidan hisobni tenglashtirdi. Qo‘shib berilgan daqiqalarda Sarr ikkinchi golini urgan bo‘lsa, Yorgen Strand Larsen uchinchi bor «Tottenhem» darvozasini ishg‘ol qildi.

Londonliklar ayni paytda turnir jadvalida 16-o‘rinni egallab turibdi. Xavfli hududdan ularni atigi bir ochko ajratib turibdi. Klub joriy yilda birorta ham o‘yinda g‘alaba qozona olmadi. Yangi bosh murabbiy Igor Tudor qo‘l ostida o‘tkazilgan uchta o‘yinda ham mag‘lubiyat qayd etildi.
Agar «Tottenhem» Chempionshipga tushib ketsa, klub misli ko‘rilmagan moliyaviy muammolarga duch keladi. Klub o‘tgan yili 690 mln funt sterling($921 mln) daromad topgan. Quyi ligaga tushish bu raqamning keskin qisqarishiga olib keladi. Chiptalar savdosi, telehuquqlar va homiylik shartnomalaridan tushadigan foyda sezilarli darajada kamayadi.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, «Tottenhem»ning operatsion xarajatlari hamon yuqoriligicha qolmoqda. O‘tgan yili klub operatsion xarajatlar uchun 260 mln funt sterling ($347 mln) sarflagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Arsenal» Shimoliy London derbisida «Tottenhem»ni mag‘lub etgani haqida xabar bergan edi.