
Toshkent shahar IIBBda xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan Hosilbek Eshnazarovning oilasiga uch xonali uy berildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Shuningdek, 5-mart kuni uning xotirasiga bag‘ishlab yodgorlik majmuasi ochilgan. Joriy yil 25-fevral kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unov avtomashinada yo‘l-patrul xizmati inspektori Hosilbek Eshnazarovni urib yuborgan, inspektor esa og‘ir jarohatlar oqibatida vafot etgan edi.
Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, jinoyat ishi doirasida Doniyor Turg‘unov qamoqqa olingan. U Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (Transport vositasini olib qochish, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi) va 104-moddasi 3-qismi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi) «d» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri marhumni urib yuborgan BMW M4 avtomobilini tyuning qilgan atelye rahbari Asadbek Jumayev jamoatchilikka murojaat etgani haqida yozgan edi.