Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun 25 trillion so‘m ajratiladi

eʼlon qilindi
Joriy yilda 1,5 million nafar ayolning bandligini ta’minlash va daromadini oshirish ko‘zda tutilgan
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda joriy yilda 1,5 mln nafar ayolni daromadli qilish hamda 400 ming nafarini biznesga jalb etish rejalashtirilmoqda. Ushbu maqsadlar uchun jami 25 trln so‘mdan ziyod resurs yo‘naltiriladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Rejaga ko‘ra, joriy yilda 166 ming xotin-qiz zamonaviy kasb va tadbirkorlikka, 100 ming nafari esa axborot texnologiyalari sohasiga o‘qitiladi. Shuningdek, ayollarning uy sharoitida biznes bilan shug‘ullanishiga qaratilgan «Daromadli ayol» dasturi ishga tushiriladi. Dastur doirasida lider tadbirkorlar ko‘magida 50 ming ayol kasanachilik, hunarmandchilik, parrandachilik va asalarichilik yo‘nalishlarida band qilinadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bundan tashqari, «Hamroh» dasturi orqali xotin-qizlarning 3 mingta loyihasiga jami 1 trln so‘m ajratilishi belgilangan. Davlat rahbari ayollarni ish bilan ta’minlash masalasi doimiy e’tiborda ekanini ta’kidladi. O‘tgan yili xotin-qizlar bandligini ta’minlash uchun 23,5 trillion so‘m kredit ajratilib, natijada 425 mingdan ortiq ayol tadbirkorlikka jalb qilingan.

Tadbirda to‘qimachilik sohasida jami 400 ta ish o‘rni yaratgan va 2025-yili Anqaradagi xalqaro tanlovda g‘olib bo‘lgan yangiariqlik Nargiza Bekmuratova faoliyati e’tirof etildi.

«Men bunday serg‘ayrat qizlarimizni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari deb bilaman. Ularni har qancha qo‘llab-quvvatlashga tayyorman», — dedi prezident.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev ayollar va bolalarni himoya qilish bo‘yicha yangi farmonni imzolagani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek