
Chevrolet Bolt’ning 2027-yilgi yangi avlodi rasman taqdim etildi. GM Authority yangi va eski modellarni taqqosladi.
Yangi model to‘liq elektr subkompakt krossover sifatida yana bozorga qaytdi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, mijozlar orasida Bolt modeliga sodiqlik yuqori bo‘lgani sababli uni yangi avlodda ishlab chiqarish qarori qabul qilingan.

Yangi model aslida butunlay yangi platformada yaratilmagan. U 2022/2023-yillarda sotilgan Chevrolet Bolt EUV asosida ishlab chiqilgan va GM BEV2 platformasidan foydalanadi. Shuningdek, avtomobil yangilangan Global B elektron arxitekturasi bilan jihozlangan.
Tashqi ko‘rinishi biroz yangilangan bo‘lsa-da, umumiy shakli oldingi modelga juda o‘xshash. O‘lchamlarni solishtirganda ham farqlar juda kichik ekani ko‘rinadi.

Asosiy o‘lchamlar taqqoslanishi
| O‘lcham | 2027 Bolt | 2023 Bolt EUV | 2023 Bolt EV |
|---|---|---|---|
| G‘ildirak bazasi | 2675 mm | 2675 mm | 2601 mm |
| Uzunligi | 4307 mm | 4306 mm | 4145 mm |
| Kengligi (oynasiz) | 1770 mm | 1770 mm | 1765 mm |
| Balandligi | 1622 mm | 1616 mm | 1611 mm |
| Old g‘ildirak izi | 1511 mm | 1511 mm | 1501 mm |
| Orqa g‘ildirak izi | 1511 mm | 1511 mm | 1501 mm |
Natijaga ko‘ra, 2027 Bolt va 2023 Bolt EUV deyarli bir xil o‘lchamga ega. Yangi model atigi 1 mm uzunroq va biroz balandroq.
Salon o‘lchamlari
| Ichki o‘lcham | 2027 Bolt | 2023 Bolt EUV | 2023 Bolt EV |
|---|---|---|---|
| Old bosh joyi | 1016 mm | 1016 mm | 1018 mm |
| Old oyoq joyi | 1124 mm | 1124 mm | 1124 mm |
| Orqa bosh joyi | 960 mm | 960 mm | 962 mm |
| Orqa oyoq joyi | 993 mm | 993 mm | 915 mm |
Ko‘rinib turibdiki, 2027 Bolt va Bolt EUV salon jihatidan deyarli bir xil. Farqlar millimetr darajasida.
Bagaj hajmi
| Bagaj hajmi | 2027 Bolt | 2023 Bolt EUV | 2023 Bolt EV |
|---|---|---|---|
| Orqa o‘rindiqlar ortida | 459 L | 462 L | 470 L |
| O‘rindiqlar bukilganda | 1594 L | 1611 L | 1614 L |
Yangi modelda bagaj hajmi biroz kichraygan.
Texnik xususiyatlar



2027-yilgi Chevrolet Bolt quyidagi ko‘rsatkichlarga ega:
- Old g‘ildirakdan harakatlanuvchi elektromotor – 210 ot kuchi;
- 65 kWh LFP batareya;
- Bir zaryad bilan 262 mil (taxminan 422 km) masofa;
- 150 kW DC tezkor zaryadlash.
Avtomobil AQShning Kansas shtatidagi GM Fairfax zavodida ishlab chiqariladi. Boshlang‘ich narxi $29 mingdan boshlanadi.
Umuman olganda, yangi 2027 Bolt o‘lcham jihatidan oldingi Bolt EUV modelidan deyarli farq qilmaydi. Asosiy yangilanishlar dizayn, multimedia tizimi, xavfsizlik funksiyalari va tezroq zaryadlash imkoniyatlari bilan bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Spark elektromobilining O‘zbekistonda ishlab chiqarilish rejalari haqida yozgan edi. «O‘zavtosanoat»ning «Kursiv» nashriga ma’lum qilishicha, hozirgi vaqtda GM kompaniyasi Chevrolet Spark modelini butunlay yangilab, 2026-yil uchun Spark EUV Activ deb nomlangan yangi elektr versiyasini taqdim etdi.