Yaqin Sharqdagi mojaro: Ekspert O‘zbekistonni kutayotgan uchta asosiy xavfni sanadi

eʼlon qilindi
Siyosatshunos Farhod Karimov bilan tahliliy suhbat
Foto: France 24

28-fevral kuni Isroil va AQSh kuchlari Eronga qarshi yirik havo hujumlarini boshladi. Xalqaro ishonchli manbalar xabarlariga ko‘ra, ushbu mudhish zarbalar oqibatida Eronda 150 dan ziyod maktab yoshidagi qizaloqlar va yuzlab tinch aholi vakillari qurbon bo‘lgan. O‘z navbatida, rasmiy Tehron bunga qat’iy javob qaytarib, Isroil hududi hamda Yaqin Sharqdagi AQSh harbiy bazalari joylashgan qator davlatlarga raketa hujumlarini uyushtirdi.

Xo‘sh, Yaqin Sharqdagi bu geosiyosiy zilzila, Erondagi ehtimoliy beqarorlik va Isroil ta’sirining ortishi mamlakatimiz iqtisodiyoti, xavfsizligi va tashqi siyosatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Mavzu yuzasidan siyosiy fanlar doktori, dotsent Farhod Karimov bilan suhbatlashdik.

Inflyatsiya va qimmatlashuv: «Logistika narxlari 30 foizgacha oshishi mumkin»

Geosiyosiy mojarolar birinchi zarbani doim iqtisodiyotga beradi. Siyosatshunosning fikricha, Eronning bevosita Markaziy Osiyoga chegaradosh ekani inobatga olinsa, vaziyat O‘zbekistonning eksport-import jarayonlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

«Hormuz bo‘g‘ozining yopilish ehtimoli va arab davlatlarining neft qazib chiqarishni to‘xtatishi dunyoda energiya resurslari narxini keskin oshiryapti. Bu barcha turdagi transport-logistika tizimida yuk tashish xizmatlari qimmatlashishiga olib keladi. Agar urush uzoq oylarga cho‘ziladigan bo’lsa, logistika narxlari 10 foizdan tortib, hatto 30 foizgacha oshishi haqida jiddiy prognozlar bor», – deydi Farhod Karimov.

Ekspertning ta’kidlashicha, dengizga chiqish imkoniyati cheklangan davlat sifatida O‘zbekiston asosan havo, temir yo‘l va avtotransportga qaram. Tashish xarajatlarining ortishi to‘g‘ridan to‘g‘ri ichki bozordagi inflyatsiyaga turtki beradi.

Bunday vaziyatda neft va gaz sotuvchi qo‘shnilarimiz – Qozog‘iston va Turkmaniston yutib chiqadimi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Ekspert bu borada xomxayollarga berilmaslikka chaqiradi:

«Neftdan keladigan qo‘shimcha daromadlar importning qimmatlashuvi va ijtimoiy muammolarning ortishi fonida deyarli nolga tenglashib ketadi. Ijtimoiy vaziyatning yomonlashuvi har qanday moliyaviy foydani yo’qqa chiqaradi».

«Suriya ssenariysi» xavfi: Radikal guruhlar O‘rta Osiyoga yaqinlashmoqdami?

Eronda markaziy hukumatning zaiflashishi yoki almashishi, shuningdek, Isroilning mintaqadagi gegemonligi oshishi Markaziy Osiyoning ijtimoiy kayfiyatiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Aholisining 90 foizidan ortig‘i musulmon bo‘lgan mintaqa bu kabi ziddiyatlarni og‘riqli qabul qiladi.

Farhod Karimovning eng jiddiy ogohlantirishlaridan biri Yaqin Sharqdagi anarxiyaning eksport qilinish ehtimoli bilan bog‘liq.

«Biz Iroq, Liviya va Suriya misolida markaziy hokimiyat qulaganidan so‘ng u yerda qanday mudhish radikal, ekstremistik guruhlar va harbiylashgan tashkilotlar paydo bo‘lganini ko‘rdik. Ularning ta’siri butun mintaqaga tarqaldi. Markaziy Osiyodan ham Iroq, Suriya va Yamanga ketib qolgan yuzlab odamlar borligini unutmasligimiz kerak. Bu mamlakatimiz va mintaqa xavfsizligiga ta’sir qiladi».

Ekspertning xulosasiga ko‘ra, eng katta xavf Afg‘oniston orqali kirib kelishi mumkin. Eronning Afg‘oniston bilan bevosita chegaradoshligi va u yerdagi turli proksi kuchlarning faollashuvi O‘zbekiston va qo‘shni respublikalarni o‘z xavfsizlik choralarini maksimal darajada oshirishga majbur qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, ijtimoiy sohalarga sarflanishi kerak bo‘lgan milliardlab mablag‘larning mudofaa budjetiga yo‘naltirilishiga olib keladi.

Integratsiya yoki tarqoqlik: O‘rta Osiyo qaysi yo‘lni tanlaydi?

Katta davlatlarning o‘zaro to‘qnashuvi fonida kichik va o‘rta davlatlar odatda yo kuchlilarning biriga ergashadi yoki o‘zaro birlashib, qalqon hosil qiladi. Hozirgi inqiroz mintaqamiz uchun haqiqiy test bo‘lmoqda.

Siyosatshunosning fikricha, bu ziddiyatlar O‘rta Osiyo davlatlarini tarqatib yubormaydi, aksincha, ularni yanada jipslashishga majbur qiladi.

«Biz Eronning bugungi holatini ko‘ryapmiz — u tashqi kuchlarga ishonib, oxirida yolg‘iz qolib ketdi. Markaziy Osiyo rahbarlari bundan juda katta xulosa qilmoqda. 2017-yildan boshlangan integratsiya jarayonlari, maslahatlashuv kengashlari endi shunchaki yig‘ilishlar emas, balki qat’iy institutsionallashuv shakliga o‘tadi», – deydi Farhod Karimov.

Kelajak armiyasi: 5 yil ichida nimalar o‘zgaradi?

Dunyoda yuz berayotgan geosiyosiy turbulentlik O‘zbekistonni ham o‘z Mudofaa doktrinasini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda. Siyosatshunosning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon Eron inqirozidan oldinroq, davr talabi sifatida boshlangan bo‘lsa-da, endilikda u maksimal tezlashadi.

«Armiyamizning qaysi yo‘nalishlarini kuchaytirishimiz kerak? Barcha yo‘nalishlarini kuchaytirish kerak, bu birinchi navbatda, havo himoyasi, mudofaada, ikkinchi navbatda janubdan bo‘ladigan hujumlarni himoya qilish uchun quruqlikdagi armiyamizni va umuman olganda, barcha qo‘shinlarni zamonaviy texnologiyalar va zamonaviy mudofaa qurol-yarog‘lari bilan yangilash masalasi kun tartibida turibdi. Bundan tashqari, mudofaa tizimiga sun’iy intellekt, dronlar tizimi masalalari ham qo‘yilyapti», – deya xulosa qildi Karimov.

Ekspertning ishonch bildirishicha, O‘zbekiston yaqin besh yil ichida o‘z qurolli kuchlarini to‘liq modernizatsiya qilib, yangi avlod armiyasiga aylantira oladi.

Eslatib o‘tamiz, 3-mart kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlashga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tgan edi.

Shuningdek