
Yaqin Sharq mintaqasida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari uchun maxsus Telegram bot ishga tushirildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Mazkur bot orqali fuqarolar:
- konsullik masalalari bo‘yicha murojaat yuborish;
- joylashuvi va holati haqida ma’lumot qoldirish;
- zarur bo‘lganda tezkor yordam so‘rash imkoniyatiga ega.
«Barcha yurtdoshlarimizni ushbu bot orqali murojaat qoldirishda aniq va to‘liq ma’lumot taqdim etishga chaqiramiz. Bu diplomatik vakolatxonalarimizga fuqarolarimizga tezkor yordam ko‘rsatish imkonini beradi», – deyiladi TIV xabarida.
Maxsus Telegram bot manziliga @tiv_yordam_bot havolasi orqali o‘tish mumkin.
5-mart holatiga ko‘ra, Yaqin Sharqdan O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilish uchun jami 41 ta charter reys amalga oshirilgan. Parvozlar Uzbekistan Airways, Centrum Air, Qanot Sharq, Fly One Asia, Fly Khiva va Air Samarqand aviakompaniyalari tomonidan amalga oshirildi. Reyslar asosan Jidda, Madina va Dubay shaharlaridan Toshkent, Andijon, Namangan, Urganch va Qarshi yo‘nalishlariga bajarilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Madina va Jiddadan 36 ta reys orqali 7 988 nafar, Dubaydan esa 5 ta reys orqali 838 nafar yo‘lovchi O‘zbekistonga olib kelingan.
Ayni paytda HY-334 Dubay – Toshkent va HY-338 Jidda – Toshkent (Uzbekistan Airways), C6-318 Jidda – Samarqand va C6-352 Dubay – Toshkent (Centrum Air), shuningdek, HH-902 Dubay – Toshkent (Qanot Sharq) reyslari davom etmoqda.