
Sakkiz karra «Oltin toʻp» sohibi Lionel Messining «Inter Mayami» klubidagi yillik maoshi $70 – 80 million atrofida ekanligi ochiqlandi. Bu haqda jamoa ta’sischilaridan biri Xorxe Mas Bloomberg nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Xorxe Masning soʻzlariga koʻra, Messi $70 – 80 millionni tashkil etadigan maoshni olishga toʻla haqli. U Messi bilan tuzilgan shartnoma va uning yillik xarajatlarining qanday shakllanishi haqida batafsil ma’lumot bermagan.
Xabaringiz bor, Messi 2023-yilning yozidan buyon «Inter Mayami» safida toʻp surib kelmoqda. U bilan birga jamoa toʻrtta sovrinni qoʻlga kiritdi, jumladan, klub tarixida ilk bor MLS (Amerika futbol ligasi) gʻolibi boʻldi.
Eslatib oʻtamiz, futbolchi 2003-yildan 2021-yilgacha Ispaniyaning «Barselona» klubida oʻynagan va shu davrda jamoasi bilan 10 marta Ispaniya chempioni, 8 marta Ispaniya Superkubogi gʻolibi, 7 marta mamlakat Kubogi sohibi boʻlgan.
Futbolchi milliy jamoasi bilan 2022-yilgi Jahon chempionati, 2022-yilgi Finalissima, 2021 va 2024-yillardagi Amerika kubogi, 2008-yilgi Olimpiya oʻyinlari va 2005-yilgi Yoshlar oʻrtasidagi Jahon chempionati gʻolibi hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Lionel Messi Oq uyda Donald Tramp bilan uchrashgani haqida xabar bergan edi.