Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari yangi rekord darajaga yetdi — 77 mlrd dollar

Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari yangi rekordga yetdi va 1-mart holatiga koʻra $77 mlrdni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida maʼlum qilindi.
Regulyatorning eʼlon qilishicha, fevral oyida xalqaro aktivlaning umumiy qiymati $2,2 (+2,9%) mlrdga oshgan. Oltin qiymati esa ketma-ket sakkizinchi oy rekordni yangilab, $67,67 mlrdga yetgan va yanvar oyga nisbatan bu koʻrsatkich $2,7 mlrdga, yaʼni (+4,1%) oshdi.
Shuningdek, oltinning fizik hajmi 13,1 million troya unsiyagacha (398,1 tonna) oʻsdi. Fevral oyida regulyator zaxiralarni taxminan 0,3 million unsiyaga (9,3 tonna) toʻldirdi. Jahon bozorida esa fevral oxirida oltin $5,100-$5,350 atrofida narxlar tebranib turdi, ammo mart boshida narx $4,990 gacha tushdi.
Shuningdek, oʻtgan oyda Oʻzbekistonning valyuta zaxiralari $0,6 mlrdga (-7,2%) qisqarib, $8,8 mlrdni tashkil etdi. Markaziy bank tomonidan sotib olingan xorijiy qimmatli qogʻozlarning qiymati esa $1,540 mlrdgacha yetdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan bojxona orqali oltin olib oʻtish qanchaga tushishi haqida yozgan edi.