Yaqin Sharqdan 14 mingdan ortiq oʻzbekistonlik evakuatsiya qilindi

Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlar sabab mintaqadagi qator davlatlarning havo hududi yopilgan boʻlsa-da, Oʻzbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish ishlari davom etmoqda. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlikka koʻra, Bahrayn, Quvayt, Suriya, Iroq, Eron, Qatar va Isroil havo hududlari parvozlar uchun yopiq boʻlib qolmoqda. Shu sabab fuqarolar muqobil yoʻnalishlar orqali olib chiqilmoqda.
28-fevraldan 7-mart kuni soat 10:00 holatiga qadar Madina va Jidda aeroportlaridan jami 63 ta reys amalga oshirildi. Ushbu parvozlar orqali 13 ming 543 nafar Oʻzbekiston fuqarosi mamlakatga qaytarildi. Shuningdek, Dubay aeroportidan bajarilgan 9 ta reys bilan yana 1 401 nafar fuqaro olib kelindi.
Xorijiy aviakompaniyalar ham evakuatsiya jarayoniga qoʻshildi. Jumladan, Fly Nas Jidda — Toshkent va Jidda — Namangan yoʻnalishlarida 5 ta, Fly Dubai esa Dubay — Toshkent yoʻnalishida 3 ta reysni amalga oshirdi. Ushbu parvozlar orqali jami 1 365 nafar yoʻlovchi olib kelingan boʻlib, ularning 990 nafari Oʻzbekiston fuqarolari hisoblanadi.
Transport vazirligi ma’lumotiga koʻra, Yaqin Sharq mamlakatlarida qolib ketgan fuqarolarning qariyb 95 foizi ushbu hududga turpaketlar orqali borgan. Ayrim holatlarda esa turoperatorlar mijozlari bilan aloqani uzib, ularni qiyin vaziyatda qoldirib ketayotgani qayd etilgan. Vazirlik turoperator va agentlarni fors-major sharoitida ham mijozlar bilan tuzilgan shartnomalarga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.
Hozirda Qatar hududida qolgan fuqarolarni Saudiya Arabistonining Riyoz aeroporti orqali olib chiqish boʻyicha tashkiliy ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, Quvayt, Qatar va Bahraynga yaqin joylashgan Dammam hamda Riyoz aeroportlaridan xalqaro parvozlar odatdagi tartibda amalga oshirilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yaqin Sharqdagi oʻzbekistonliklar uchun maxsus Telegram bot ishga tushirilgani haqida xabar bergan edi.