BYD 5 daqiqalik tez zaryadlash tarmog‘ini kengaytiradi

8-mart 2026 10:11 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
BYD 5 daqiqalik tez zaryadlash tarmog‘ini kengaytiradi
Foto: CarNewsChina

Xitoyning BYD kompaniyasi 5 daqiqalik tez zaryadlash tarmog‘ini kengaytiradi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda. Kompaniya yil oxirigacha mamlakat bo‘ylab 20 mingta megavatt darajasidagi zaryadlash stansiyasini ishga tushirishni maqsad qilgan.

Bu reja ikkinchi avlod Blade Battery batareyasi taqdimotidan keyin e’lon qilindi. Kompaniya vakillariga ko‘ra, yangi tizim elektromobillarni juda qisqa vaqt ichida zaryadlash imkonini beradi. Yangi Megawatt Flash Charge 2.0 texnologiyasi yordamida avtomobil batareyasi 10 foizdan 70 foizgacha atigi 5 daqiqada zaryad oladi. Bu esa elektromobilni tez to‘ldirish bo‘yicha an’anaviy batareya almashtirish tizimlariga yaqin natija hisoblanadi.

BYD 1360 kVtli megavatt quvvatlagichlarni joriy qildi
Foto: BYD

Masalan, NIO kompaniyasi batareya almashtirish texnologiyasi bilan mashhur. Ularning stansiyalarida batareya odatda 3 daqiqada almashtiriladi. Biroq BYD tez zaryadlash texnologiyasi bilan ushbu farqni deyarli yo‘qotishni maqsad qilmoqda.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yangi tizim sovuq iqlim sharoitida ham samarali ishlaydi. Batareya -30 °C haroratda ham 20 foizdan 97 foizgacha 12 daqiqada zaryadlanishi mumkin. BYD strategiyasining yana bir muhim jihati — infratuzilma xarajatlarini kamaytirish. Kompaniya yangi stansiyalarni mavjud energiya tarmoqlariga integratsiya qilish orqali o‘rnatish xarajatlarini taxminan 60 foizga kamaytirishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri BYD Seal 07 elektromobili sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.

Shuningdek