Avto

GM Chevrolet Blazer avtomobilidagi muammoga yechim chiqardi

Ta’mirlash ishlari avtomobilning powertrain kafolati doirasida amalga oshiriladi
GM Chevrolet Blazer avtomobilidagi muammoga yechim chiqardi
Foto: Chevrolet

General Motors (GM) kompaniyasi Chevrolet Blazer avtomobilining dvigatelidagi muammoga yechim chiqardi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.

Kompaniya 2026-yil fevral oyida yangi texnik xizmat byulletenini e’lon qildi. Hujjat PIP6101A raqami bilan chiqarilgan. U 2025 va 2026-yilgi Blazer modellarida kuzatilgan dvigatelning yuqori qismidagi g‘alati tovush muammosiga bag‘ishlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, muammo ishlab chiqarish jarayonida dvigatel ichiga tushib qolgan mayda metall qoldiqlari bilan bog‘liq. Bu zarrachalar gidravlik klapan sozlagichiga tushib qoladi. Natijada detal moy bilan to‘liq ishlamaydi va klapan mexanizmida ortiqcha bo‘shliq paydo bo‘ladi. Aynan shu holat dvigateldan eshitiladigan tovushga sabab bo‘ladi.

Foto: Chevrolet

Mazkur muammo ayniqsa 2 litrli turbo dvigatel bilan jihozlangan Blazer modellarida kuzatilgan. Bu motor LSY 2.0L Turbo Engine nomi bilan tanilgan.

Muammoni bartaraf etish uchun servis markazlari dvigatelni batafsil tekshiradi. Avvalo, shovqin klapan mexanizmidan chiqayotganini aniqlash uchun maxsus stetoskop bilan diagnostika qilinadi. Shundan so‘ng dvigatelning yuqori qismi demontaj qilinadi.

Foto: Chevrolet

Agar sozlagichlar nosozligi aniqlansa, barcha 16 ta klapan sozlagichi to‘liq almashtiriladi. Ta’mirlash ishlari avtomobilning powertrain kafolati doirasida amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Tracker avtomobili uchun chegirmalar e’lon qilingani haqida yozgan edi.