Yangiliklar

Kanada bosh vaziri shahzoda Endryuni taxt vorisligidan chiqarishni taklif qildi

Karni bu bayonotni Tokio shahrida jurnalistlar bilan uchrashuvda aytgan
Kanada bosh vaziri shahzoda Endryuni taxt vorisligidan chiqarishni taklif qildi
Foto: The Mirror

Kanada bosh vaziri Mark Karni Buyuk Britaniya qiroli Charlzga murojaat qilib, uning ukasi Endryu Mauntbetten-Vindzorni taxt vorisligi ro‘yxatidan chiqarishni taklif etdi. Karni bu bayonotni Tokio shahrida jurnalistlar bilan uchrashuvda aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Endryuning harakatlari qattiq tanqidga loyiq va u vorislik ro‘yxatidan chiqarilishi kerak. Kanada bosh vaziri Endryu hozir taxt navbatida ancha uzoqda ekanini tan oldi. Biroq u bu masala prinsipial ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan.

2025-yil oktabr oyida Endryu Mauntbetten-Vindzor jiddiy mojaro ortidan barcha qirollik unvonlaridan mahrum qilingan edi. Mojaro uning amerikalik milliarder Jeffri Epshteyn bilan aloqalari bilan bog‘liq bo‘lgan. Shunga qaramay, sobiq shahzoda hali ham Britaniya taxti vorisligi ro‘yxatida sakkizinchi o‘rinda qolmoqda.

20-fevral kuni Britaniya hukumati Charlz III Endryuni vorislik ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha qonun loyihasini ko‘rib chiqayotganini bildirgan edi. Agar qaror qabul qilinsa, uning taxtga chiqish imkoniyati butunlay bekor qilinadi.

Bunday qaror kuchga kirishi uchun Britaniya parlamentining ikki palatasi tomonidan qonun qabul qilinishi va qirol tomonidan tasdiqlanishi kerak. Bundan tashqari, monarxni davlat boshlig‘i sifatida tan oladigan hamdo‘stlikning 14 mamlakati ham bu qarorni qo‘llab-quvvatlashi lozim.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Charlz ukasi Endryuni barcha unvonlaridan mahrum qilgani haqida yozgan edi.