
Yaqin Sharqda davom etayotgan mojaro fonida Kuvayt neft qazib olish hajmini kamaytirdi. Bu haqda Reuetrs nashri xabar bermoqda.
Nashr xabariga ko‘ra, qaror AQSh va Eron o‘rtasidagi urush sabab mintaqada transport xavfsizligi keskin yomonlashgani ortidan qabul qilingan. Mojaro tufayli neft tashish uchun eng muhim yo‘llardan biri hisoblangan Hormuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashish deyarli to‘xtab qolgan. Mazkur bo‘g‘oz orqali dunyodagi neft va suyultirilgan gazning qariyb 20 foizi tashiladi. Shuning uchun u global energiya bozori uchun strategik yo‘lak hisoblanadi.
Kuvayt milliy kompaniyasi ishlab chiqarish va qayta ishlash hajmini qisqartirganini ma’lum qildi. Biroq neft qazib olish qanchaga kamaytirilgani ochiqlanmagan. Fevral oyida mamlakat kuniga taxminan 2,6 mln barrel neft ishlab chiqargan edi.
Kompaniya qarorni ehtiyot chorasi sifatida qabul qilganini bildirdi. Vaziyat barqarorlashsa, ishlab chiqarish yana tiklanishi mumkin. Bunday qaror e’lon qilinishiga Eron tomonidan Hormuz bo‘g‘ozida kemalar xavfsizligiga tahdidlar, mintaqadagi hujumlar va neft tashiydigan kemalarning deyarli yo‘qligi sabab bo‘lgan.
Kuvayt Osiyoga nafta eksport qiluvchi yirik davlatlardan biri hisoblanadi. Shuningdek, mamlakat Yevropaga aviatsiya yoqilg‘isini yetkazib beruvchi muhim eksportchi sanaladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonga Yaqin Sharqdan vatandoshlarni qaytarish uchun 41 ta charter reys amalga oshirilgani haqida yozgan edi.