
Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumani soliq inspeksiyasining bosh inspektori tadbirkordan $101 ming pora talab qilgan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali tuman hokimligi zaxirasidagi 10 gektar qishloq xo‘jaligi yerini tadbirkorga ajratib berishni va’da qilgan. Yer maydoni kelajakda sayyohlik maskani tashkil etish uchun berilishi aytilgan.
Buning evaziga mansabdor shaxs namanganlik tadbirkordan $95 ming talab qilgan. Bundan tashqari, yer toifasini o‘zgartirib berish uchun yana $6 ming so‘ragan. Jami talab qilingan summa $101 mingni tashkil etgan.

DXX va Ichki ishlar vazirligining Namangan viloyati boshqarmalari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. Operatsiya Yangi Namangan tumanida tashkil etildi. Tadbir davomida bosh inspektor oldindan $20 ming olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi hamda 28, 211-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan ayblov qo‘yildi.
Hozirda gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Oliy ta’lim vazirligi xodimi 100 ming dollar olgan vaqtida ushlangani haqida yozgan edi.