O‘zbekiston eng ko‘p qaysi davlatlarga mahsulot eksport qilmoqda

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar oyida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi $1,7 mlrdni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 26,7 foizga oshgan.
Statistikaga ko‘ra, O‘zbekiston mahsulotlari eng ko‘p Rossiya bozoriga eksport qilingan. Mazkur davlatga $325,8 mlnlik mahsulot yetkazib berilgan. Ikkinchi o‘rinda Xitoy turibdi. Bu mamlakatga eksport hajmi $178,1 mlnni tashkil qilgan.
Shuningdek, Afg‘oniston ham O‘zbekiston eksportida muhim o‘rin egallagan. Ushbu davlatga $136,7 mlnlik mahsulot yuborilgan. Yevropa davlatlari orasida esa Fransiya yetakchi bo‘lib, bu mamlakatga eksport $103,6 mlnni tashkil etgan.
Turkiyaga $84,3 mln, Qozog‘istonga esa $81,6 mln miqdorida mahsulot eksport qilingan. Markaziy Osiyo davlatlaridan Qirg‘iziston va Tojikistonga ham sezilarli hajmda tovar yetkazib berilgan. Ularning eksport hajmi mos ravishda $46,5 mln va $45,7 mlnni tashkil qilgan.
Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklariga $41,4 mlnlik mahsulot yuborilgan. AQShga eksport hajmi esa $32,1 mlnni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekiston 2027-yilgacha 20 turdagi xomashyo importiga bojlarni pasaytirgani haqida yozgan edi.