
Spark elektromobilining O‘zbekistondagi kelajagi, Saida Mirziyoyeva ayollarni qutladi — hafta davomida e’lon qilingan muhim yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Yangi Chevrolet Spark elektromobili O‘zbekistonda ishlab chiqariladimi

General Motors (GM) kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan yangi Chevrolet Spark elektromobili Lotin Amerikasining ayrim davlatlarida sotuvga chiqdi. Kursiv Uzbekistan modelning kelajakdagi rejalari va mahalliy bozorda qachon chiqishi yuzasidan «O‘zavtosanoat» AJ matbuot xizmatiga so‘rov yubordi.
Kompaniyaning qayd etishicha, hozirgi vaqtda GM kompaniyasi Chevrolet Spark modelini butunlay yangilab, 2026-yil uchun Spark EUV Activ deb nomlangan yangi elektr versiyasini taqdim etdi. Ushbu yangi model dastlab Braziliya bozorida sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan. Biroq yangilangan Chevrolet Spark elektromobilini O‘zbekistonda sotish va ishlab chiqarish masalasi yaqin kelajakda ko‘zda tutilmagan.
Saida Mirziyoyeva: ayollar haqida stereotiplardan voz kechish vaqti kelgan

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston ayollar va xotin-qizlarni 8-mart bayrami bilan qutladi. U o‘zining Telegram-kanalida post joyladi.
Mirziyoyevaning ta’kidlanishicha, zamonaviy jamiyatda ayollar faqat oilada emas, balki davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida faol ishtirok etmoqda. Bugun ular IT va texnologiyalar, biznes, ilm-fan, sport va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda yetakchi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekiston eng ko‘p qaysi davlatlarga mahsulot eksport qilmoqda

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar oyida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi $1,7 mlrdni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 26,7 foizga oshgan.
Statistikaga ko‘ra, O‘zbekiston mahsulotlari eng ko‘p Rossiya bozoriga eksport qilingan. Mazkur davlatga $325,8 mlnlik mahsulot yetkazib berilgan. Ikkinchi o‘rinda Xitoy turibdi. Bu mamlakatga eksport hajmi $178,1 mlnni tashkil qilgan.
Yaqin Sharqdagi mojaro: ekspert O‘zbekistonni kutayotgan uchta asosiy xavfni sanadi

28-fevral kuni Isroil va AQSh kuchlari Eronga qarshi yirik havo hujumlarini boshladi. Xalqaro ishonchli manbalar xabarlariga ko‘ra, ushbu mudhish zarbalar oqibatida Eronda 150 dan ziyod maktab yoshidagi qizaloqlar va yuzlab tinch aholi vakillari qurbon bo‘lgan. O‘z navbatida, rasmiy Tehron bunga qat’iy javob qaytarib, Isroil hududi hamda Yaqin Sharqdagi AQSh harbiy bazalari joylashgan qator davlatlarga raketa hujumlarini uyushtirdi.
Xo‘sh, Yaqin Sharqdagi bu geosiyosiy zilzila, Erondagi ehtimoliy beqarorlik va Isroil ta’sirining ortishi mamlakatimiz iqtisodiyoti, xavfsizligi va tashqi siyosatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Mavzu yuzasidan siyosiy fanlar doktori, dotsent Farhod Karimov bilan suhbatlashdik.
Yaqin Sharqdagi mojaro fonida neft va oltin narxi oshdi

Foto: BKS Express
Yaqin Sharqda boshlangan harbiy harakatlar ortidan jahon bozorlarida neft, oltin va dollar ko‘tarildi.
2-mart kungi savdolarda Brent nefti narxi 2025-yil yanvaridan beri eng yuqori ko‘rsatkichga chiqdi. Keyinroq narx biroz pasayib, $77,5 atrofida barqarorlashdi. Oltin narxi ham 2,2 foizga oshib, bir unsiyasi uchun $5,4 ni tashkil qildi.
Isroil rasmiy hukumat samolyoti Germaniyaga joylashtirildi

Foto: Reuters
Isroilning rasmiy hukumat samolyoti xavfsizlik sababli Germaniyaga qo‘ndi va poytaxt Berlin aeroportiga joylashtirildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Germaniya hukumati manbalariga ko‘ra, AQSh va Isroil zarbalari natijasida Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘lganidan so‘ng mintaqa keskinlashdi va Isroil samolyotni xavfsiz joyga ko‘chirishga majbur bo‘ldi.
Qoraqalpog‘iston va Xorazmda tabiiy gaz bazaviy me’yori uzaytirildi

Foto: Unsplash
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida tabiiy gaz uchun isitish mavsumida belgilangan bazaviy me’yor 2026-yil 15-martigacha uzaytirildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
«O‘zgidromet» ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyining dastlabki 15 kunida havo harorati past bo‘lishi kutilmoqda. Shuning uchun, Vazirlar Mahkamasi isitish mavsumida belgilangan bazaviy me’yorni prezident topshirig‘iga binoan uzaytirdi.
Kriptoaktivlar xizmatlarini litsenziyalashda yangi mexanizm qo‘llaniladi
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlarini litsenziyalashda «asoslantirilgan mulohaza» mexanizmidan foydalanishni boshlaydi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
«Asoslantirilgan mulohaza» — bu qonunchilik talablariga qo‘shimcha ravishda qo‘llaniladigan professional baholash usuli hisoblanadi. Ushbu yondashuvda ko‘rib chiqilayotgan masalaning haqiqiy mazmuni uning rasmiy mazmunidan ustuvor deb qabul qilinadi.
Toshkent viloyati prokuraturasi xodimi 9 ming dollar pora bilan qo‘lga tushdi

Foto: DXX
Toshkent viloyati prokuraturasining devonxona noziri tadbirkordan $9 ming talab qilgan. Bu haqda DXX xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, O‘rta Chirchiq tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkorga tegishli savdo do‘konida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlangan. Natijada 276 mln so‘m miqdorida jarima belgilangan.
Kimlarga bog‘cha puli 50 foizga kamaytirib beriladi
2026-yil 1-apreldan Nukus shahri tarkibiga kiruvchi «Qaratau» va «Bestobe» mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi uchun davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ota-onalar to‘lovi 50 foizga kamaytiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Shuningdek, maydoni 5 ming kvadrat metrdan yuqori bo‘lgan savdo komplekslari va mehmonxona xizmatlari bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar uchun ham soliq imtiyozlari beriladi. 2027-yil 1-yanvardan 2040-yil 1-yanvargacha ushbu hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar yer va mol-mulk solig‘ini 90 foizini kamaytirilgan stavkada to‘laydi.
2026-yilda Qoraqalpog‘istonning yalpi hududiy mahsuloti 8,1 foizga oshiriladi
2026-yilda Qoraqalpog‘istonning yalpi hududiy mahsuloti 8,1 foizga oshiriladi. Prezident qarori bilan Qoraqalpog‘istonni 2026-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda kelgusi yillarga mo‘ljallangan dasturlari tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil yakuniga qadar yalpi hududiy mahsulot hajmini 8,1 foizga, sanoat ishlab chiqarishini 8 foizga oshirish rejalashtirilgan. Ishsizlik darajasi 4,2 foizgacha, kambag‘allik 3,2 foizgacha tushiriladi. Nukus shahri, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlari hamda 109 ta mahalla ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantiriladi.
O‘zbekiston «Katta dubulgʻa» turnirini uchinchi o‘rin bilan yakunladi

Foto: MOQ
Toshkentda yakunlangan Tashkent Grand Slam 2026 turnirida O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda MOQ xabar berdi.
O‘zbekiston va Indoneziya erkin savdo bitimi bo‘yicha qo‘shma bayonotni imzoladi

O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida Erkin savdo bitimini tuzish bo‘yicha muzokaralarni boshlash haqida qo‘shma bayonot qabul qilindi.
2-mart kuni videokonferensiya shaklida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Indoneziya Respublikasi Savdo vaziri Budi Santoso o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga bag‘ishlangan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Markaziy bankdan yangi talab: o‘tkazmalarda maqsadni ko‘rsatish majburiy bo‘lishi mumkin

Foto: Depositphotos
Markaziy bank tijorat banklari va to‘lov tashkilotlariga yangi ko‘rsatma yuborgani aytilmoqda. Endilikda mobil ilovalar orqali pul o‘tkazilganda foydalanuvchi o‘tkazma maqsadini majburiy tartibda tanlashi kerak bo‘ladi.
Kursiv Uzbekistan Markaziy bank matbuotidan ushbu xabarlarga izoh so‘radi. Regulyatorning tahririyatga ma’lum qilishicha, bu texnik yaxshilatishga qaratilgan bo‘lib, servis ishini takomillashtirish va operatsiyalarning to‘g‘ri qayta ishlanishini ta’minlashga qaratilgan.
Dollar oshdi: 4-mart uchun valyutalar kursi e’lon qilindi

Foto: Pexels
4-mart uchun valyutalar kursi yangilandi. Unga ko‘ra, dollar 19,29 so‘mga oshib, 12 209,86 so‘mni tashkil etdi. Bu narx Valyuta birjasida bo‘lib o‘tgan savdolar asosida shakllantirildi. Markaziy bank ham o‘z saytida e’lon qildi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 132,44 so‘mga tushib, 14 170,76 so‘mni, rubl 0,05 so‘mga oshib, 157,53 so‘mni tashkil qildi.
Eron klublaridagi o‘zbekistonlik futbolchilar faoliyatini Superligada davom ettirishi mumkin

Foto: PFL
Eronda to‘p surayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari o‘z faoliyatini O‘zbekiston Superligasida davom ettirishi mumkin. Bu haqda PFL rahbari Diyor Imomxo‘jayev FIFA ruxsat bersa, legionerlar uchun ro‘yxatdan o‘tish jarayoni ochilishini ta’kidladi.
Yaqinlashib kelayotgan Jahon chempionati oldidan asosiy futbolchilarning o‘yin amaliyotisiz qolishi masalasiga PFL rahbari Diyor Imomxo‘jayev quyidagicha munosabat bildirdi.
O‘zbekistonliklar mart oyida necha kun dam oladi

Foto: Pexels.com
O‘zbekistonda mart oyida nishonlanadigan Xalqaro xotin-qizlar kuni va Navro‘z bayrami munosabati bilan xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kunlari belgilandi. Bu haqda Bandlik vazirligi xabar bermoqda.
Joriy yilning 8-mart sanasi yakshanba kuniga to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 208-moddasiga asosan, bayram dam olish kuniga to‘g‘ri kelgan taqdirda, dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga ko‘chiriladi. Shu sababli, 9-mart – dushanba kuni barcha xodimlar uchun dam olish kuni hisoblanadi.
Krishtianu Ronaldu Saudiya Arabistonidan uchib ketdi

Foto: yardbarker
Eron tomonidan Ar-Riyoddagi AQSh diplomatik markaziga dron hujumlari uyushtirilgan tunda Krishtianu Ronalduning 61 mln funt sterling ($81 mln)lik xususiy samolyoti Saudiya Arabistonini tark etdi.
Eron davlat ommaviy axborot vositalari tunda mamlakatdagi AQSh diplomatik shtab-kvartirasi nishonga olingani haqida xabar berdi. Shuningdek, Bahrayndagi xodimlar binosi ham vayron qilingani e’lon qilindi.
O‘zRTXB har bir oddiy aksiyaga 780 so‘m dividend to‘lashi mumkin

Foto: sinenkiy/Depositphotos
«O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi» AJ Kuzatuv kengashi 2025-yil yakunlari bo‘yicha aksiyadorlarga har bir oddiy aksiya uchun 780 so‘m miqdorida dividend to‘lashni tavsiya qildi.
Freedom Broker Uzbekistan yozishicha, bu summa o‘tgan oydagi o‘rtacha bozor narxidan kelib chiqib, taxminan 10,7 foizlik dividend daromadini anglatadi. To‘lov koeffitsiyenti sof foydaning qariyb 85 foizi darajasida baholanmoqda.
Yaqin Sharqdagi keskinlik smartfonlar narxini oshirishi mumkin

Foto: depositphotos
2025-yil davomida AQSh, Isroil va Eron o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygandi. 2026-yilning fevralidagi AQSh va Isroilning Eronga qo‘shma zarbasi vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Bu esa Yaqin Sharqda geosiyosiy xavflarni oshirib, global bozorlarda noaniqlikni kuchaytirdi.
Avval ham Isroil va Eron o‘rtasida qisqa muddatli to‘qnashuvlar bo‘lgan. 2025-yil iyunidagi 12 kunlik mojaro jiddiy iqtisodiy inqirozga olib kelmagan edi. Smartfon bozori ham qisqa muddatli tebranish bilan cheklangan. Ammo hozirgi vaziyat uzoq davom etishi mumkinligi bilan farq qiladi.
Banklarda avtokreditlar bo‘yicha foiz stavkalari pasaydi

Foto: tatiantmarie / depositphotos.com
2-mart holatiga ko‘ra, tijorat banklarida amal qilayotgan mikroqarz va avtokreditlarning so‘nggi 10 ish kuni bo‘yicha foiz stavkalari e’lon qilindi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Mazkur davrda mamlakatdagi tijorat banklari tomonidan taqdim etilayotgan avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 22,5 foizni tashkil qildi. Shundan jismoniy shaxslarga ajratilayotgan kreditlarning (mikroqarzlardan tashqari) o‘rtacha foiz stavkasi 22,3 foizni, yuridik shaxslar ulushi esa 22,4 foizni ko‘rsatmoqda.
Javohir Sindarov Titled Tuesday turnirida uchinchi marta g‘olib bo‘ldi

Foto: uzchess.uz
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov 3-mart kuni bo‘lib o‘tgan Titled Tuesday shaxmat turnirining bahorgi mavsumida g‘olib chiqdi. U so‘nggi turda grossmeyster Nihal Sarinni mag‘lub etib, turnir jadvalida peshqadamga aylandi.
Javohir Sindarov musobaqa yakuniga ko‘ra 9,5 ochko jamg‘ardi. U bilan bir xil ochko to‘plagan grossmeysterlar Dmitriy Andreykin hamda Maksim Vashye-Lagrav so‘nggi turda tezkor durangga rozi bo‘lishdi. Natijada Sindarov tay-brek ko‘rsatkichlari bo‘yicha ularni ortda qoldirdi.
Isroil – Eron urushida qaysi davlatdan qancha kishi halok bo‘ldi

Foto: Reuters
Urushning beshinchi kuniga kirib, AQSh va Yaqin Sharq mintaqasida halok bo‘lganlar soni 861 nafarga yetdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi. 3-mart holatiga ko‘ra, Eron qurbonlari soni bo‘yicha yetakchi bo‘lib turibdi — 787 kishi. Isroilda Quddus yaqinidagi Beit Shemesh shahrida raketa zarbasi oqibatida 10 kishi halok bo‘ldi. Livanda esa Isroil zarbalari oqibatida 50 kishi hayotdan ko‘z yumdi.
Bahraynga raketa yo‘naltirilgandan so‘ng Salman sanoat shahrida yuzaga kelgan yong‘in oqibatida 1 kishi halok bo‘ldi. Quvaytda esa Eron hujumlari oqibatida 3 ta o‘lim qayd etildi, ulardan ikkitasi harbiy xizmatchilar bo‘lgan. Ummon poytaxti Maskat yaqinida 1 kishi, Birlashgan Arab Amirliklarida esa 3 kishi vafot etdi. Shuningdek, Quvaytdagi bir inshootga berilgan zarba oqibatida 6 AQSh harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi.
O‘zbekistonda 21 yoshdan keyin turmush qurgan yoshlarga qo‘shimcha imtiyozlar beriladi

Foto: qadriyat
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yoshlar o‘rtasida moliyaviy mustaqil va oila qurishga tayyor bo‘lgan davrda turmush qurishni rag‘batlantirishga qaratilgan farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, 2027-yildan boshlab 21 yoshga to‘lib, birinchi marta oila qurayotganlarga davlat tomonidan qo‘shimcha imtiyozlar taqdim etiladi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda nikohlarning 40 foizi 18–19 yoshli yoshlar o‘rtasida tuzilmoqda. Yangi tartibga ko‘ra, Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan va 21 yoshdan keyin oila qurgan yoshlarga ajratiladigan moliyaviy yordam (subsidiya, kredit, grantlar) miqdori 1,5 baravarga oshiriladi. Shuningdek, nikoh shartnomasini tuzgan juftliklar davlat bojidan ozod qilinadi.
Apple M5 chipli MacBook Air noutbuklarini taqdim etdi

Foto: Apple
Apple kompaniyasi o‘zining M5 protsessoriga ega yangi MacBook Air noutbuklarini rasman taqdim etdi. Yangilangan modellar yuqori unumdorlik va kengaytirilgan SI imkoniyatlarini taklif etadi. Bu haqda kompaniya rasmiy bayonotida ma’lum qildi.
Yangi MacBook Air oldingi avlodlarga nisbatan sun’iy intellekt vazifalarini 4 barobargacha tezroq bajaradi. Noutbuklar endi standart holatda 512 GB xotira bilan jihozlanadi va bu ko‘rsatkichni 4 TB gacha oshirish mumkin. Shuningdek, qurilmaga Wi-Fi 7 hamda Bluetooth 6 simsiz aloqa texnologiyalari o‘rnatilgan.
«Vulverhempton» o‘z maydonida «Liverpul»dan ustun keldi

Foto: liverpoolfc.com
Angliya Premyer-ligasining 29-turida musobaqa jadvalining so‘nggi o‘rnida borayotgan «Vulverhempton» amaldagi chempion «Liverpul»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi.
Birinchi bo‘limda hisob ochilmadi. Uchrashuvning 78-daqiqasida Rodrigo Gomes mezbonlarni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 83-daqiqada Muhammad Saloh hisobni tenglashtirdi. Biroq hakam tomonidan qo‘shib berilgan to‘rtinchi daqiqada Andrening kiritgan goli «Bo‘rilar»ga g‘alaba keltirdi.
Qatardagi YTH oqibatida 11 yoshli o‘zbekistonlik vafot etdi

Foto: internet
Qatarda yo‘l-transport hodisasi oqibatida 11 yoshli o‘zbekistonlik bola halok bo‘ldi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida tug‘ilgan bola Qatarga safari davomida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida vafot etgan. Avtotransport vositasi boshqaruvi yo‘qotilishi oqibatida u bosh qismidan og‘ir tan jarohati olib, hodisa joyida hayotdan ko‘z yumgan.
Hodisa haqida ma’lumot kelib tushgach, O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasi Qatarning tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda zarur tashkiliy va huquqiy masalalarni tezkor hal etish choralarini ko‘rdi. Marhumning oila a’zolariga amaliy yordam ko‘rsatilib, dafn marosimini tashkil etish ishlari ular bilan hamkorlikda amalga oshirildi.e
4-martdan Toshkent va Dubay o‘rtasidagi reyslar bosqichma-bosqich tiklanadi

Foto: Uzbekistan airports
2026-yil 4-martdan boshlab Toshkent va Dubay o‘rtasidagi aviaqatnovlar yana tiklanadi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi ma’lum qildi. Reyslar UzAirways, CentrumAir va Qanot Sharq aviakompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi. Parvozlar belgilangan jadval asosida bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.
- UzAirways aviakompaniyasining HY333 reysi 4-mart kuni soat 08:30 da Toshkentdan Dubayga, HY334 reysi esa shu kuni soat 12:30 da Dubaydan Toshkentga qaytadi.
- CentrumAir aviakompaniyasining C6-351 reysi 4-mart kuni soat 05:30 da Toshkentdan Dubayga, C6-352 reysi esa soat 10:25 da Dubaydan Toshkentga uchishi qayd etilgan.
- Qanot Sharq aviakompaniyasining HH901 reysi 4-mart kuni soat 05:10 da Toshkentdan Dubayning DWC aeroportiga, HH902 reysi esa soat 10:30 da Dubaydan Toshkentga yo‘l oldi.