Yangiliklar

Chery kompaniyasi Exeed EX7 krossoverini ommaviy ishlab chiqarishni boshladi

Yangi krossover elektron-mexanik tormoz tizimi o‘rnatilgan ilk ommaviy avtomobilga aylandi
Foto: apmotor.co

Xitoyning Chery kompaniyasiga qarashli Exeed premium brendi 2026-yil 8-mart kuni ommaviy ishlab chiqarishga kirgan EX7 modelining rasmiy interyer suratlarini taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Avtomobil saloni raqamli texnologiyalarga asoslangan bo‘lib, 30 dyuymli integratsiyalashgan displey va haydovchi uchun alohida LCD uskunalar panelini o‘z ichiga oladi. Old yo‘lovchi o‘rindig‘i zero-gravity funksiyasiga ega bo‘lib, interyer qora va jigarrang ranglar uyg‘unligida ishlangan.

Foto: Carnewschina

EX7 modeli E0X yuqori kuchlanishli platformasida ishlab chiqilgan bo‘lib, to‘liq elektr hamda gibrid versiyalarda taklif etiladi. To‘liq elektr modifikatsiyasi jami 353 kVt quvvatga va 97,68 kVt/soat sig‘imli batareyaga ega, uning yurish zaxirasi 726 km gacha yetadi. Gibrid versiyasi esa 1,5 litrli dvigatel-generator bilan jihozlangan va faqat elektr motor yordamida 203 kilometrgacha masofa bosib o‘tishi mumkin.

Foto: Carnewschina

Besh o‘rinli ushbu yirik krossover bozorda Li Auto L7 kabi raqobatchilarga qarshi turadi. Fevral oyida Xitoy elektromobillar bozorida pasayish kuzatilib, ayrim ishlab chiqaruvchilarning savdosi 41 foizga tushib ketgan bir sharoitda Exeed yangi liniyalarini taqdim qilishda davom etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chery Tiggo 7L avtomobilining tasvirlari e’lon qilingani haqida xabar bergan edi.