
Ijtimoiy tarmoqlarda Erondagi neft obyektlariga qilingan hujumlardan so‘ng shakllangan kislotali bulutlar Markaziy Osiyoga yetib kelishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. «O‘zgidromet» ushbu ma’lumotlarni qat’iyan rad etib, ular hech qanday ilmiy asosga ega emasligini ta’kidladi.
Kislotali yog‘inlar atmosferada oltingugurt oksidlari (SO₂) va azot oksidlari (NO₂) uzoq vaqt to‘planib, bulutlarda suv bug‘i bilan kimyoviy reaksiyaga kirishishi natijasida hosil bo‘ladi. Bunday jarayonlar, asosan, yirik sanoat hududlari hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqindi manbalari yaqinida kuzatiladi.
Havo massalari uzoq masofalarga ko‘chishi jarayonida ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasi turbulentlik va aralashish hisobiga keskin kamayadi. Shu sababli manbadan minglab kilometr uzoqlikda xavfli darajadagi kislotali yog‘inlar shakllanishi deyarli mumkin emasligi qayd etilgan. Qolaversa, yog‘inlar asosan mahalliy hududdagi suv bug‘i va aerozollar hisobiga shakllanadi.
Meteorologik kuzatuvlar hamda atmosfera havosi sifati monitoringi natijalariga ko‘ra, kislotali bulutlarning O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar hududiga ko‘chib kelishi xavfi mavjud emas.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent havosi eng ifloslangan shaharlar o‘nligiga kirgani haqida xabar bergan edi.