Yangiliklar

Mojtaba Xomanaiy Eronning yangi oliy rahnamosi

AQSh va Isroil bilan urush fonida neft narxi bir barrel uchun 100 dollardan oshdi
Foto: This is Beirut

Eronda 88 nafar yuqori martabali shia ulamolaridan iborat kengash marhum Ali Xomanaiyning o‘g‘li Mojtabani mamlakatning uchinchi oliy rahnamosi etib sayladi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp yangi rahbar saylanishiga munosabat bildirib, «Agar u bizning ma’qullovimizni olmasa, uzoqqa bormaydi», – deya ta’kidladi.

Mintaqadagi ziddiyatlar sababli global bozorda neft narxi keskin oshdi. Brent markali neft narxi 17 foizga qimmatlab, bir barrel uchun $108,7 ga yetdi. AQSh xom nefti fyucherslari esa 20 foizdan ko‘proqqa o‘sib, 2022-yilning iyulidan beri eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan.

Ayni paytda AQSh harbiylari Eronning o‘tgan haftadagi hujumlari oqibatida yettinchi amerikalik harbiy halok bo‘lganini tasdiqladi. Shuningdek, xavfsizlik nuqtayi nazaridan AQShning Saudiya Arabistonidagi elchixonasidan favqulodda bo‘lmagan xodimlar evakuatsiya qilinmoqda.

Eronning BMTdagi elchisiga ko‘ra, AQSh va Isroil hujumlari oqibatida kamida 1332 nafar eronlik tinch aholi vakili halok bo‘lgan. Dushanba kuni Isroil harbiylari Tehron yaqinidagi yirik yonilg‘i omborlariga zarba bergan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xomanaiyning turmush o‘rtog‘i kasalxonada vafot etgani haqida xabar bergan edi.