
Qozog‘istonning Shuchinsk shahridagi Osh markazi kafesida gaz aralashmasi portlashi oqibatida jabrlangan yana ikki kishi hayotdan ko‘z yumdi va qurbonlarning umumiy soni 11 nafarga yetdi.
Akmo‘la viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari Nariman Yermekning ma’lum qilishicha, shifokorlarning barcha sa’y-harakatlariga qaramay, o‘ta og‘ir ahvoldagi ikki bemorni saqlab qolish imkoni bo‘lmagan.
«8-mart kuni Avitsenna-Burabay stansionarining reanimatsiya bo‘limida, 9-mart kuni esa Ko‘kshetau shahridagi Akmo‘la ko‘p tarmoqli viloyat shifoxonasida davolanayotgan bemor olamdan o‘tdi», – dedi boshqarma rahbari.
Boshqarma xabariga ko‘ra, shifokorlar jabrlanganlarning hayoti uchun kurashni davom ettirmoqda. Bemorlarga barcha tibbiy, kadrlar va texnik resurslarni jalb qilgan holda to‘liq hajmda yordam ko‘rsatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 26-fevraldan 27-fevralga o‘tar kechasi Shuchinskdagi kafeda gaz balloni portlagan edi. Dastlab hodisa oqibatida 6 kishi halok bo‘lgani, keyinroq qurbonlar soni 9 nafarga yetgani xabar qilingan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qo‘qondagi uyda portlash yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan edi.