Yangiliklar

VAZ-2106 Chevrolet Onix’dan qimmatroq narxda sotuvga qo‘yildi

Deyarli yangi holatda saqlangan ushbu avtomobil uchun 1,5 mln rubl so‘ralmoqda
Foto: ixbt.com

Rossiyaning Moskva viloyatida bor-yo‘g‘i 13 ming kilometr masofa bosib o‘tgan 1996-yilgi Vaz-2106 avtomobili sotuvga qo‘yildi. Uning narxi 1,5 mln rubl (230 mln so‘m) etib belgilangan.

Sotuvchining ta’kidlashicha, avtomobil shu vaqtga qadar faqat bitta egaga xizmat qilgan. Asl egasi vafot etganidan so‘ng merosxo‘rlar mashinani o‘z nomlariga rasmiylashtirmagan. So‘nggi 20 yil davomida sedan yopiq avtoturargohda saqlangan va osma tizimga og‘irlik tushmasligi uchun maxsus tirgaklar ustiga qo‘yilgan.

Dvigatel uzoq muddatli saqlashdan keyin ham hech qanday muammosiz ishga tushgan. Sotuvchi avtomobilni kolleksionerlar uchun qiziqarli variant deb hisoblamoqda. Ma’lumot uchun, ushbu mablag‘ga Rossiyada o‘rtacha komplektatsiyadagi yangi Lada Iskra xarid qilish mumkin.

Mashina kapoti ostida ushbu model uchun klassik bo‘lgan 1,5 litr hajmli va 72 ot kuchiga ega 4 silindrli karbyuratorli dvigatel o‘rnatilgan. U 5 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan ishlaydi. Avtomobil orqa g‘ildirakli tortish tizimiga ega.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Tahoe narxidagi minilmagan «Jiguli» sotuvga qo‘yilgani haqida xabar bergan edi.