Yangiliklar

Vivo kompaniyasi yangi Y37+ smartfonini taqdim qildi

Yangi qurilma 6000 mA/soat sig‘imli akkumulyatorga ega
Foto: 4pda.to

Xitoyning Vivo kompaniyasi katta sig‘imli akkumulyator va zarbaga chidamli korpusga ega yangi Y37+ smartfonini taqdim etdi.

Vivo Y37+ smartfoni 6,74 dyuymli IPS-displey bilan jihozlangan bo‘lib, u 1600×720 pikselli ruxsat va 90 Gts yangilanish chastotasiga ega. Qurilma MediaTek Dimensity 6300 protsessori, 8 GB tezkor hamda 256 GB doimiy xotira asosida ishlaydi.

Foto: 4pda.to

Smartfonning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri uning 6000 mA/soat sig‘imli akkumulyatoridir. Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, batareya 1600 ta quvvatlash va quvvatsizlanish siklidan keyin ham o‘z sig‘imining kamida 80 foizini saqlab qoladi. Shuningdek, qurilma 44 Vt tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: 4pda.to

Plastikdan ishlangan korpus tushib ketishga chidamlilik bo‘yicha SGS kompaniyasining besh yulduzli sertifikatini olgan. Qurilmaning asosiy kamerasi 13 Mp, old kamerasi esa 5 Mp. Smartfon yon tomondagi barmoq izi skaneri, infraqizil port va NFC chipi bilan ta’minlangan. Y37+ modeli Android 15 operatsion tizimi asosidagi OriginOS 5 qobig‘ida ishlaydi. Qurilmaning narxi $235 ni tashkil etadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 110 dollarlik Vivo Y05 smartfoni taqdim qilingani haqida xabar bergan edi.