Wey o‘zining yangi V9X gibrid yo‘ltanlamasini taqdim etdi

Great Wall Motors kompaniyasiga qarashli Wey brendi 9-mart kuni o‘zining yangi Wey V9X katta hajmli yo‘ltanlamasini namoyish qildi. Ushbu avtomobil kompaniyaning GWM One platformasida ishlab chiqarilgan birinchi modeliga aylandi.

Yangi avtomobilning uzunligi 5,3 ming mm, kengligi 2 ming mm va balandligi 1,8 ming mmni, g‘ildiraklar bazasi esa 3,1 ming mmni tashkil etadi. Transport vositasi 2,0 litrli turbodvigatelga ega plagin-gibrid tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, dvigatelning maksimal quvvati 175 kilovattga teng. Mashina faqat elektr quvvati bilan modifikatsiyasiga qarab 240 va 363 kilometr masofa bosa oladi.

Avtomobilning eng yuqori tezligi soatiga 210 kmgacha yetadi. U to‘liq elektr rejimida 100 km/soat tezlikka 4,4 soniyada, gibrid rejimida esa 4,7 soniyada chiqa oladi. Shuningdek, mashinaning 800V gibrid arxitekturasida qurilgani va atigi 5 daqiqalik quvvatlash orqali 200 kilometr masofaga yetadigan energiya olishi taxmin qilinmoqda.

Wey V9X tashqi dizaynida yopiq old panjara hamda LiDAR tizimi o‘rnatilgan bo‘lib, bu ilg‘or haydovchiga yordam tizimlari mavjudligini anglatadi. Mashina saloni olti o‘rindiqli dizaynga ega. Ikkinchi qator yo‘lovchilari uchun buklanadigan ekranlar, simsiz quvvatlash moslamalari va yotish rejimiga o‘tuvchi o‘rindiqlar o‘rnatilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 48 ming dollarlik Onvo L90 modeli taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.