
Zeekr kompaniyasi o‘zining yangi 8X plagin-gibrid krossoveri interyerini rasman namoyish etdi. Bu haqda IT-home xabar bermoqda.
Yangi Zeekr 8X interyerida markaziy axborot ekrani va old yo‘lovchi uchun maxsus displeydan iborat qo‘sh ekranli tizim mavjud. Orqa o‘rindiq yo‘lovchilari uchun tomga o‘rnatilgan ko‘ngilochar ekran hamda Britaniyaning Naim kompaniyasiga tegishli audio tizimi taqdim etilgan. Shuningdek, salon panelida o‘rindiqlarni isitish, ventilyatsiya va massaj qilish funksiyalari uchun jismoniy tugmalar joylashtirilgan.

Avtomobilning uzunligi 5,1 ming mm va g‘ildiraklar bazasi 3 ming mm ni tashkil etadi. Model CATL va Geely qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan 55,1 kVt/soat hamda 70 kVt/soat sig‘imli akkumulyatorlar bilan taklif qilinadi. Ular 10 daqiqada to‘liq quvvatlanish imkonini beruvchi 6C tezkor quvvatlanish rejimini qo‘llab-quvvatlaydi.

Krossover Aurobay Technologies kompaniyasining 2,0 litrli dvigateli va uchta elektr motor yordamida jami 1030 kVt (1,3 ming ot kuchi) quvvat ishlab chiqaradi. Zeekr 8X narxi taxminan 450 ming yuan ($65,2 ming) etib belgilangan bo‘lib, toza elektr holatida 256 km, 257 km va 328 km masofa bosib o‘ta oladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Zeekr 8X avtomobilining chiqishi kechiktirilgani haqida xabar bergan edi.