113 dollarlik Realme Note 80 smartfoni taqdim etildi

Realme kompaniyasi o‘zining yangi budjet toifasidagi Realme Note 80 smartfonini rasman taqdim etdi va u 13-mart kunidan Tailand bozorida sotuvga chiqadi.
Yangi model 6,74 dyuymli IPS-displey bilan jihozlangan bo‘lib, uning ruxsati 1600×720 pikselni, yangilanish tezligi esa 90 Hts ni tashkil etadi. Smartfon ishlashi uchun sakkiz yadroli Unisoc T7250 protsessori javob beradi. Qurilma 4 GB tezkor xotira hamda 64 yoki 128 GB doimiy xotira variantlarida taklif etiladi.

Smartfonning asosiy kamerasi 8 megapiksel, old kamerasi esa 5 megapiksel aniqligida ishlaydi. Avtonom ishlash uchun 15 vattli tezkor quvvatlanishni qo‘llab-quvvatlovchi 6300 mAs sig‘imli akkumulyator o‘rnatilgan. Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, batareya to‘rt yillik kundalik foydalanishdan keyin ham o‘zining dastlabki sig‘imining 80 foizini saqlab qoladi.

Qurilma korpusi MIL-STD-810H standarti asosida 1,8 metr balandlikdan tushishga chidamli qilib ishlangan hamda chang va namlikdan himoyalovchi IP54 darajasiga ega. Smartfonning qalinligi 7,94 millimetr, og‘irligi esa 197 grammni tashkil qiladi. Qayd etilishicha, model shuningdek Wi-Fi 5, Bluetooth 5.2 modullari va quloqchinlar uchun maxsus ulamaga ega.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Realme 16 Pro smartfonining Yevropa versiyasi taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.