Avto

BYD taksi bozori uchun yana bitta elektromobilini namoyish qildi

Linghui e7 elektromobili
BYD taksi bozori uchun yana bitta elektromobilini namoyish qildi
Foto: Linghui

Xitoyning BYD kompaniyasi ride-hailing xizmatlari uchun mo‘ljallangan Linghui e7 elektromobilini namoyish etdi. CarNewsChina’ga ko‘ra, model kompaniyaning yangi flash charging tezkor zaryadlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Linghui e7 elektromobili dastlab taksi va yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun ishlab chiqilgan. U BYD’ning ikkinchi avlod Short Blade batareyasi bilan jihozlangan. Avtomobil kompaniya tomonidan yaqinda ishga tushirilgan tezkor zaryadlash stansiyalarida 1500 kVt quvvat bilan zaryad olishi mumkin. Batareya 10 foizdan 70 foizgacha atigi 5 daqiqada zaryadlanadi.

Foto: Linghui

Yangi model tezkor zaryadlash bo‘yicha CATL kompaniyasining batareya almashtirish tizimi bilan ham raqobat qilmoqda. Batareya almashtirish jarayoni taxminan 1,5 daqiqa davom etadi. Biroq bu tizim uchun qimmat infratuzilma va maxsus avtomobil konstruksiyasi talab qilinadi.

Linghui e7 dizayni BYD’ning Ocean seriyasiga o‘xshash. Avtomobilning uzunligi 4,78 metr, kengligi 1,9 metr, balandligi 1,51 metr. G‘ildirak bazasi 2820 mm ni tashkil etadi. Bu model Skoda Octavia’dan 91 mm uzunroq.

Foto: Linghui

Standart versiyada 100 kVt (134 ot kuchi) elektr motor o‘rnatilgan. Batareyaning ikki xil varianti taklif qilinadi va ularning yurish masofasi mos ravishda 450 km va 520 km ni tashkil etadi. Kuchliroq versiyada esa 130 kVt (174 ot kuchi) motor bo‘ladi va bitta zaryad bilan 550 km gacha yo‘l bosishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BYD Yangwang U7 elektromobilini taqdim etgandi. Avtomobilning narxi 658 mingdan 888 ming yuangacha ($95,4 ming – $128,7 ming) etib belgilandi.