
AQShda mart oyida Chevrolet Tahoe modeli uchun cheklangan chegirma aksiyasi e’lon qilindi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilgi Tahoe ayrim konfiguratsiyalarida $1 ming miqdorida chegirma taqdim etilmoqda. Chegirma faqat Premier va High Country komplektatsiyalariga taalluqli. Biroq panoramali lyuk bilan jihozlangan versiyalar ushbu taklifga kirmaydi. Aksiya 2026-yil 31-martgacha amal qiladi.

2026-yilgi Tahoe uchun hozircha hech qanday moliyaviy rag‘bat yoki chegirma dasturi e’lon qilinmagan. Model bir qator yangilanishlar bilan taqdim etilgan. Model uchun yangi RST Dark Essentials paketi paydo bo‘ldi. Bu paket qora rangli tashqi bezak elementlari va 24 dyuymli qora disklarni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, Cabin Glance kamera tizimi qo‘shilgan bo‘lib, u haydovchiga infotainment ekran orqali orqa o‘rindiqlarda nimalar bo‘layotganini kuzatish imkonini beradi. Yana bir yangi funksiyalardan biri GM Key Card bo‘lib, kredit karta o‘lchamidagi kalit avtomobilni ochish, yopish va ishga tushirish imkonini beradi.

Modelning dvigatel qatori esa o‘zgarishsiz qolgan. Asosiy versiyada 5,3 litrli V8 benzin dvigateli o‘rnatiladi. U 355 ot kuchi va 519 Nm aylanish momenti ishlab chiqaradi. Keyingi variant 6,2 litrli V8 dvigatel bo‘lib, uning quvvati 420 ot kuchiga yetadi. Bundan tashqari, 3 litrli Duramax turbodiesel dvigateli ham taklif qilinadi. U 305 ot kuchi va 671 Nm moment hosil qiladi.
2026-yilgi Tahoe narxi $63 mingdan boshlanadi va yuqori komplektatsiyada $81,9 minggacha yetadi. Bu narxga $2,7 ming miqdoridagi yetkazib berish xarajatlari ham kiritilgan.

GM 2026-yilgi Tahoe va Suburban modellari uchun buyurtmalar 13-iyun haftasida yopilishini ma’lum qilgan. Model shuningdek 2026-yil uchun Car and Driver nashrining eng yaxshi pikap va yo‘ltanlamas avtomobillar ro‘yxatiga ham kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Captiva Rossiyada qanday narxda sotilishi haqida yozgan edi.