
Chevrolet Tracker O‘zbekistonda ommabop ixcham krossoverlardan biri hisoblanib, 2026-yil yanvar oyida 4 ming dona xarid qilingan. «Kursiv» nashrining ushbu maqolasida Tracker avtomobilining foydalanish xarajatlari haqida so‘z boradi.
Avtomobilning haqiqiy foydalanish xarajatini faqat yonilg‘i sarfi bilan baholab bo‘lmaydi. Real hisob-kitob uchun texnik xizmat, sug‘urta, shina va sarf materiallari, rasmiy to‘lovlar, parkovka, kredit foizi hamda eng muhim bandlardan biri — amortizatsiya ham hisobga olinadi.
Qaysi Tracker modeli asos qilib olindi

Hisob-kitoblar O‘zbekistonda rasmiy sotilayotgan Chevrolet Tracker LS Plyus modeli asosida tayyorlandi. Avtomobil 1,2 litrli turbo dvigatel, 6 pog‘onali avtomat uzatma va old tortish tizimi bilan jihozlangan.
Ishlab chiqaruvchi ma’lumotiga ko‘ra, modelning aralash sikldagi yonilg‘i sarfi 6,5 l/100 kmni tashkil qiladi. Amaliy foydalanish tajribasi esa shaharda ko‘pincha yuqoriroq sarfni ko‘rsatadi. Ayrim avtomobil sharhlarida shaharda 8 l/100 km atrofidagi ko‘rsatkichda, ba’zi foydalanuvchi tajribalarida esa maksimal sarf 7,9 l/100 km deb qayd etilgan.Tracker uchun standart shina o‘lchami 215/55 R17 bo‘lib, muqobil sifatida 215/55 R16 varianti ham mavjud. Avtomobilning yonilg‘i baki hajmi esa 44 litrni tashkil qiladi.
Hisoblash metodikasi va qabul qilingan narxlar

Toshkentdagi monitoringlarga ko‘ra, AI-95 benzini o‘rtacha 13 ming so‘m/l atrofida sotilmoqda. Yangi avtomobil narxi va ikkilamchi bozor diapazoni asosida yiliga o‘rtacha 16,2 mln so‘m qadrsizlanish qabul qilinsa, real bozor sharoitida bu ko‘rsatkich yilma-yil o‘zgarishi mumkin.
Asosiy xarajat bandlari
Tracker egalari uchun eng katta xarajat bandlaridan biri yonilg‘i hisoblanadi. Rasmiy aralash sarf 6,5 l/100 km bo‘lsa-da, tirbandlik, konditsioner ishlashi va yo‘l sharoiti sabab real sarf ko‘pincha yuqoriroq chiqadi.

Sug‘urta ham muhim xarajat hisoblanadi. OSAGO majburiy bo‘lib, 2026-yildan keyingi tariflar bo‘yicha Toshkentda yillik to‘lov taxminan 192 ming so‘mni tashkil qiladi.
KASKO sug‘urtasi ixtiyoriy bo‘lsa-da, yangi avtomobil egalari orasida keng tarqalgan. Bozor takliflariga qaraganda, paketga qarab tarif avtomobil qiymatining 1,3 foizidan 2,2 foizigacha yetishi mumkin.
Texnik xizmat ham muntazam xarajat talab qiladi. UzAuto Motors reglamentiga ko‘ra, Tracker uchun servis intervali 5000 km yoki 6 oy etib belgilangan. Foydalanuvchi tajribalarida birinchi TXK taxminan 800 ming so‘m atrofida bo‘lishi aytiladi. Sarf materiallari orasida motor moyi, filtrlar va tormoz kolodkalari asosiy o‘rinni egallaydi.
Shinalar va ehtiyot qismlar narxi

Tracker uchun mos 215/55 R17 shinalar bozorda keng narx diapazoniga ega. Ayrim takliflarda bitta shina 735 ming so‘m atrofida bo‘lsa, ayrim brendlar uchun narx 1,5 mln so‘mgacha yetadi.
Motor moyi bozorida 0W-20 turidagi 4 litr mahsulot taxminan 520 ming so‘m atrofida turadi. Moy filtri 70 ming so‘m, havo filtri esa 60 ming so‘mga yaqin narxda sotiladi. Tormoz kolodkalari esa brend va sifatga qarab taxminan 600 ming so‘m atrofidagi narxdan boshlanadi.
Rasmiy to‘lovlar va parkovka

Avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yengil avtomobillar uchun 6,84 BHM miqdorida yig‘im undiriladi. Hozirgi BHM 412 ming so‘m bo‘lgani uchun ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovi taxminan 2,82 mln so‘mni tashkil qiladi.
Toshkentda ko‘cha parkovkasi ham qo‘shimcha xarajat bo‘lishi mumkin. Ayrim hududlarda parkovka tarifi soatiga 12 ming so‘m atrofida. Rezidentlar uchun yillik parkovka ruxsatnomasi esa 1 BHM, ya’ni 412 ming so‘m qilib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri «omadsiz» Chevrolet avtomobillari haqida yozgan edi.