
So‘nggi paytlarda O‘zbekiston avtomobil bozorida eng ko‘p muhokama qilinayotgan modellardan biri — Kia Sonet bo‘lib qolmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar va videoplatformalarda ushbu model haqida ko‘plab savollar berilmoqda. Ko‘pchilik uni bozorda keng tarqalgan Chevrolet Tracker bilan solishtirib, qaysi biri yaxshiroq ekaniga qiziqmoqda.
Quyida YouTube’dagi «Avto Shovvoz» kanali muallifi avtomobil haydovchilari tajribasi va real foydalanish fikrlariga asoslanib bildirgan tahlilini keltirib o‘tamiz.
Dizayn va ilk taassurot

Ba’zi avtomobil ixlosmandlari Kia Sonet’ni ilk bor ko‘rganida uning dizayni biroz noodatiy ekanini aytadi. U agressiv yoki sport ko‘rinishidagi krossoverlardan ko‘ra sodda va boshqacharoq dizaynga ega.
Buning sababi modelning aslida Hindiston bozori uchun ishlab chiqilgani bilan izohlanadi. Kia kompaniyasi ushbu modelni Hindiston va rivojlanayotgan bozorlar uchun yaratgan. Shu sababli avtomobilning tashqi ko‘rinishi ham o‘sha bozor talablariga moslashtirilgan.
Ilk partiyalarda kuzatilgan muammo
Avtomobilning dastlabki partiyalarida ayrim foydalanuvchilar salon ichida g‘alati hid borligini aytgan. Bu asosan 15–20 ming kilometr yurgan avtomobillarda sezilgan.

Mutaxassislar buni dastlabki partiyalarda ehtiyot qismlarning ko‘pi Hindistondan olib kelingani va ichki materiallarning iqlimga moslashuvi bilan izohlaydi. Keyingi partiyalarda esa bu muammo deyarli uchramayotgani aytiladi.
«Xodovoy» qismi
Ko‘pchilik haydovchilar Kia Sonet’ning yurish qismi nisbatan yumshoq ekanini aytadi. Ammo avtomobilni Chevrolet Tracker bilan solishtirganda katta farq yo‘qligi ta’kidlanadi.

Ba’zi haydovchilar Sonet’ni biroz yumshoqroq deb hisoblaydi, boshqalar esa Tracker’ni barqarorroq deb baholaydi. Umuman olganda, har ikki avtomobil ham shahar sharoitiga mos krossoverlar hisoblanadi.
Dvigatel haqida fikrlar
Kia Sonet 1.5 litrli atmosferali MPI dvigatel bilan jihozlangan. Bu dvigatel oddiy konstruktsiyaga ega bo‘lib, servis qilish oson hisoblanadi.

Biroq ayrim haydovchilarning fikricha, dvigatel muammolarni oldindan sezdirib bermasligi mumkin. Noto‘g‘ri moy yoki past sifatli benzin ishlatilsa, dvigatelda muammo paydo bo‘lishi ehtimoli bor.

Taqqoslash uchun, Chevrolet Tracker turbinali dvigatel bilan jihozlangan va unda ot kuchi nisbatan yuqoriroq.
Salon va texnologiyalar

Salon jihatidan Kia Sonet ko‘pchilikka ma’qul keladi. Avtomobil zamonaviy multimedia tizimi, yaxshi audio tizimi va elektron funksiyalari bilan ajralib turadi. Bu jihatdan u ko‘pincha Chevrolet Tracker’dan ustunroq deb baholanadi.
Qaysi mashinani tanlash kerak
Tanlov ko‘p jihatdan avtomobil qanday maqsadda olinayotganiga bog‘liq. Agar shaxsiy foydalanish uchun olinayotgan bo‘lsa, har ikki model ham mos kelishi mumkin.
Ammo avtomobil taksi yoki ish uchun olinayotgan bo‘lsa, mutaxassislar boshqa variantlarni ham ko‘rib chiqishni tavsiya qiladi. Masalan:
- Chevrolet Cobalt
- elektromobillar
Sababi, ular ko‘p yurish uchun iqtisodiyroq hisoblanadi.
Kia Sonet — zamonaviy salon va elektron funksiyalari bilan ajralib turadigan shahar krossoveri. Biroq uning dvigateli va ayrim texnik jihatlari sababli hamma uchun ideal tanlov bo‘lavermaydi.
Avtomobil tanlashda eng muhim omillar — foydalanish maqsadi, budjet va xizmat xarajatlarini hisobga olishdir. Shunda xaridor o‘ziga mos modelni tanlashi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Tracker avtomobili uchun chegirmalar e’lon qilingani haqida yozgandi.