
Chexiya O‘zbekiston fuqarolari uchun har yili 150 ta mehnat vizasi kvotasi ajratadi. Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev Chexiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Lyubomir Frebort bilan uchrashdi.
Tomonlar Chexiya mehnat bozori uchun O‘zbekistonda malakali kadrlar tayyorlash va tashkiliy mehnat migratsiyasini rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdi. Ayniqsa, tibbiyot sohasidagi mutaxassislar, jumladan, hamshiralar va qariyalarni parvarishlash bo‘yicha xodimlarni tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’lum qilinishicha, Chexiya O‘zbekiston fuqarolari uchun har yili 150 ta mehnat vizasi kvotasini ajratadi. Chexiya tomoni tibbiyot mutaxassislarini xorijda ishlashga tayyorlash bo‘yicha Toshkentdagi o‘quv kurslari faoliyati bilan ham tanishishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu yo‘nalishda amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Migratsiya tartibini buzgan 40 nafar O‘zbekiston fuqarosi Olmaotadan chiqarib yuborilgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, aniqlangan shaxslar Qozog‘iston hududida bo‘lish tartibini buzgan. Tekshiruvlar davomida ularning mamlakatda qonuniy yashash qoidalariga rioya qilmagani ma’lum bo‘lgan va amaldagi qonunchilik asosida chiqarib yuborish chorasi qo‘llanilgan.