Endi aviakompaniya dispetcherlari smenadan oldingi tibbiy ko‘rikdan o‘tmaydi

Aviakompaniya dispetcherlari uchun smenadan oldingi tibbiy ko‘rik talabi bekor qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, havodagi harakatni boshqarish dispetcherlarining har kuni smenadan oldin majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi talabi bekor qilindi. Bu o‘zgarish Xalqaro fuqaro aviatsiyasi to‘g‘risidagi konvensiya talablariga moslashtirish maqsadida qabul qilingan.
Shuningdek, xalqaro fuqaro aviatsiyasi konvensiyasi talablaridan kelib chiqib va o‘z ahamiyatini yo‘qotgani sababli ayrim qoidalar ham chiqarib tashlandi. Jumladan, bulutlarning quyi chegarasi minimal balandlikdan past bo‘lmagan holatda o‘tish eshelonidan pasayishga ruxsat berish kabi ayrim normalar bekor qilindi.
Yangi tartibga ko‘ra, havo kemalari jihozlanishiga qarab asosiy havo kemasi hamda qayta jihozlangan havo kemasi toifalariga ajratiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samson Sky O‘zbekistonga 300 ta Switchblade uchuvchi avtomobilini yetkazib berishi haqida yozgan edi.