Farmatsevtikada 100 ming dollargacha bo‘lgan ayrim xarajatlar qoplab beriladi

Farmatsevtika sohasida ishlab chiqarish hajmi 8,5 trln so‘mga yetkazilishi belgilandi. Bu haqda prezident farmoni qabul qilindi.
Shuningdek, qiymati $1 mlrd bo‘lgan istiqbolli investitsiya loyihalarini shakllantirish, $800 mln qiymatidagi yangi investitsiya loyihalarini boshlash ham keltirib o‘tildi.
Farmonga ko‘ra, original dori vositalarining patent muddati tugagandan so‘ng 1 yil ichida texnologiyalar transferi xarajatlarining 50 foizi, lekin $50 mingdan ko‘p bo‘lmagan qismi yoki mahsulotni yaratishdagi ilmiy tadqiqot xarajatlarining 50 foizi, lekin $100 mingdan ko‘p bo‘lmagan qismi qoplanadi.
Shu bilan birga, 2027-yil 1-yanvardan esa GMP sertifikatiga ega korxonalar biologik faol qo‘shimchalarni ishlab chiqarishga ruxsat oladi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilishi haqida yozgandi.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda farmatsevtika yo‘nalishidagi 6 ta ilmiy-tadqiqot institutida 300 dan ziyod olimlar faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, farmatsevtika oliygohlarini har yili qariyb 1 ming nafar yosh mutaxassis tamomlamoqda. Shunga qaramay, sohada ilm-fan va sanoat o‘rtasida uzilish mavjudligi qayd etilgan.
Yangi institut «Toshkent farma park» hududida joylashadi. Bu yerda olimlarga parkda faoliyat yuritayotgan korxonalar bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun sharoit yaratiladi.