Investitsiyalar

Fond bozori: «O‘zbekneftgaz» aksiyalari bir haftada 34 foizga qimmatlashdi

27-fevraldan 6-martgacha bo‘lgan davrda
Foto: depositphotos

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 27-fevraldan 6-martgacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 3,8 foizga oshdi.

Ushbu davr mobaynida «O‘zbekneftgaz» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 34,36 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Kvarts» (+25,38%) va «O‘zmetkombinat» (+11,58) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.

O‘z navbatida, «Dori-darmon» aksiyalari 4,88 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «Biokimyo» aksiyalari (-3,70%) va «Ipoteka-bank» (-3,18%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «O‘zbektelekom»ning ham oddiy, ham imtiyozli aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi (chunki ular boʻyicha savdolar toʻxtatilgan).

Ushbu davrda bitimlar soni bo‘yicha O‘zRTXB (1 353 ta), «Kapital sug‘urta» (817 ta) va «Hamkorbank» (760 ta) peshqadam bo‘ldi.

Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «O‘zsanoatqurilishbank» (5,06 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. «O‘zRTXB» (868,76 so‘m) va «O‘zmetkombinat» (281,63 mln so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.

Yuqori likvidli aksiyalardan 17 tasi haftani ijobiy, ikkitasi o‘zgarishsiz va 10 tasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 14,36 mlrd so‘m bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zRTXB har bir oddiy aksiyaga 780 so‘m dividend to‘lashi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Bu haqda O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi» AJ Kuzatuv kengashi tavsiya qildi.

Freedom Broker Uzbekistan yozishicha, bu summa o‘tgan oydagi o‘rtacha bozor narxidan kelib chiqib, taxminan 10,7 foizlik dividend daromadini anglatadi. To‘lov koeffitsiyenti sof foydaning qariyb 85 foizi darajasida baholanmoqda.