Avto

Geely EX2 elektromobilining narxi qimmatlashdi

Model narx bo‘yicha BYD Dolphin Mini bilan raqobat qilmoqda
Geely EX2 elektromobilining narxi qimmatlashdi
Foto: Motor1

Geely EX2 elektromobili Braziliyada narxi oshirilgan holda sotila boshladi. Bu haqda Motor1 portali xabar bermoqda.

Modelning boshlang‘ich narxi 123 ming braziliya reali (taxminan $24,5 ming) etib belgilandi. Avvalroq avtomobil taqdimot davrida 119 ming real (taxminan $23,8 ming) narxda taklif qilingan edi.

Foto: Motor1

2025-yil oxirida Braziliyada taqdim etilgan EX2 qisqa vaqt ichida bozordagi eng arzon elektromobillardan biri sifatida e’tibor qozondi. Model narx bo‘yicha BYD Dolphin Mini bilan raqobat qilmoqda. Avtomobilga bo‘lgan talab yuqori bo‘lgani sababli ayrim dilerlik markazlarida yetkazib berish muammolari kuzatilgan. Ba’zi hollarda avtomobillar uchun kutish navbatlari ham paydo bo‘lgan. Bu esa oxirgi oylar statistikalarida sotuv ko‘rsatkichlariga ta’sir qilgan.

Geely EX2 orqa o‘rnatilgan elektr motor bilan jihozlangan. Uning quvvati 116 ot kuchini, aylanish momenti esa 150 Nm ni tashkil qiladi. Avtomobil taxminan 39 kVt/soat sig‘imli batareyaga ega. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobilning yurish masofasi Inmetro sikliga ko‘ra 289 kmni tashkil etadi. Biroq shahar sharoitida real masofa 350 km ga yaqin bo‘lishi mumkin.

Foto: Motor1

Pro komplektatsiyasida 14,6 dyuymli multimedia ekrani, oltita xavfsizlik yostiqchasi, to‘rt g‘ildirakda mustaqil osma tizimi va tezkor zaryadlash funksiyasi mavjud. Tezkor zaryadlash yordamida batareya 30 foizdan 80 foizgacha taxminan 21 daqiqada to‘ldiriladi.

Max versiyasida esa qo‘shimcha xavfsizlik va yordamchi tizimlar mavjud. Ular qatoriga adaptiv kruiz-nazorat, avtomatik favqulodda tormoz tizimi, yo‘lakda ushlab turish tizimi, 540 darajali kamera, simsiz zaryadlash hamda haydovchi o‘rindig‘ining elektr sozlanishi kiradi.

Foto: Motor1

Kompaniya ushbu modelni kelajakda Braziliyada ishlab chiqarish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. Agar loyiha tasdiqlansa, avtomobil Renault zavodida yig‘ilishi mumkin. Rejaga ko‘ra, mahalliy ishlab chiqarish 2026-yil oxiri yoki 2027-yilda yo‘lga qo‘yilishi ehtimoli bor.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Geely va Zeekr supertez zaryadlash tarmog‘ini kengaytirgani haqida yozgan edi.