
Geely va Zeekr kompaniyasi 1 500 kVt quvvatli supertez zaryadlash tarmog‘ini kengaytirdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Geely’ning zaryadlash tarmog‘i hozirda 2,1 mingta stansiyani qamrab olgan. Ular Xitoyning 215 shahrida joylashgan. Avtomagistrallar bo‘yidagi servis hududlarida esa 6,2 mingta zaryadlash nuqtasi mavjud.
1 500 kVt quvvatli zaryadlash tizimi 2026-yilgi Zeekr 001 modeli bilan o‘tkazilgan sinovlarda tasdiqlangan. Ushbu elektromobil kompaniyaning Golden Battery deb nomlangan batareyasi bilan jihozlangan. Sinovlar davomida avtomobil batareyasi 10 foizdan 80 foizgacha taxminan 7 daqiqada zaryadlangan.

Bunday tez zaryadlash 900 voltli yuqori kuchlanish arxitekturasi orqali amalga oshiriladi. Maksimal tok kuchi deyarli 1 488 amperga yetadi. Bu tizim avval sanoatda keng qo‘llangan 800 voltli platformalarga qaraganda kamroq issiqlik hosil qiladi va samaradorlikni oshiradi.
Kompaniya zaryadlash infratuzilmasini mustaqil ravishda boshqarish strategiyasini tanlagan. Bu orqali Geely zaryadlash uskunalari va avtomobil o‘rtasidagi texnologik aloqani to‘liq nazorat qiladi. Har bir megavattli zaryadlash ustuni kuniga o‘rtacha 50–60 ta avtomobilga xizmat ko‘rishi mumkin.

Kuchli zaryadlash elektr tarmoqlariga ortiqcha yuk tushirmasligi uchun stansiyalarda 300–500 kVt/soat sig‘imli energiya saqlash tizimlari o‘rnatilgan. Bu tizimlar zaryadlash vaqtida energiyani vaqtincha saqlab, ketma-ket tezkor zaryadlash imkonini beradi.
2026-yil boshidan buyon Geely guruhi 476 mingta avtomobil yetkazib berdi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha kompaniya BYD dan taxminan 76 ming dona ko‘proq avtomobil sotgan.
Geely’ning ultra tez zaryadlash tarmog‘i kompaniyaning o‘z brendlari — Zeekr, Lynk & Co va Lotus avtomobillariga ustuvor xizmat ko‘rsatishni ham ta’minlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Zeekr 8X avtomobili 16-mart kuni oldindan buyurtmaga chiqishi haqida yozgan edi.