Google Play batareyani tez tugatadigan ilovalar haqida ogohlantirish funksiyasini oldi

Google Play foydalanuvchilarni batareyani tez sarflaydigan ilovalar haqida ogohlantira boshladi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida xabar berdi.
Unga ko‘ra, Play Store’da yangi funksiyani joriy etilmoqda, u Android dasturlarining energiya sarfi yuqori bo‘lsa, bu haqda foydalanuvchilarga oldindan xabar beradi.
Yangi ogohlantirishlar 2026-yil 1-martdan boshlab bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda. Tizim bir necha hafta davomida barcha foydalanuvchilar uchun faol bo‘ladi.
Ilova sahifasida maxsus ogohlantirish paydo bo‘ladi

Agar dastur fon rejimida batareyani haddan tashqari ko‘p sarflasa, uning sahifasida quyidagicha xabar chiqadi:
«Bu ilova fon rejimida yuqori faollik sabab kutilganidan ko‘proq batareya sarflashi mumkin».
Bu ogohlantirish foydalanuvchilarga ilovani o‘rnatishdan oldin uning energiya iste’moli haqida ma’lumot beradi.
Qaysi ilovalar ro‘yxatga tushadi
Bunday belgi asosan Android’ning Android Vitals tizimidagi ko‘rsatkichlarga asoslanadi. Xususan, Excessive Partial Wake Lock deb ataladigan metrika doimiy ravishda yuqori bo‘lgan ilovalar muammo sifatida belgilanadi.
Bu holat odatda ilovalar qurilmani fon rejimida uyg‘oq holda ushlab turib, batareya zaryadini tez tugatganda yuz beradi.
Bunday ilovalar tavsiyalardan ham olib tashlanadi
Batareyani haddan tashqari sarflaydigan ilovalar nafaqat ogohlantirish oladi, balki Play Store tavsiyalaridan chiqarib tashlanadi hamda reklama va targ‘ibot bo‘limlarida ko‘rinmaydi.
Shu orqali Google ishlab chiquvchilarni ilovalarni energiya jihatidan samaraliroq qilishga undamoqchi.
Ba’zi ilovalar uchun istisno bor
Fon rejimida ishlashi zarur bo‘lgan ilovalar bu ro‘yxatga kiritilmaydi. Masalan:
- musiqa fon rejimida ijro etiladigan dasturlar
- geolokatsiya xizmatlari
- foydalanuvchi boshlagan ma’lumot uzatish jarayonlari
Bunday holatlarda fon faolligi ilovaning normal ishlashi uchun zarur deb hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan PayPal, Apple Pay va Google Pay kabi xalqaro to‘lov tizimlariga yo‘l ochuvchi qonun ma’qullangani haqida yozgandi.