Sport

Madhiyani kuylashdan bosh tortgan eronlik ayol futbolchilarga Avstraliya vizasi berildi

Sportchilar Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinda madhiya kuylashdan bosh tortgan
Foto: Getty Images

Avstraliya hukumati Osiyo kubogidan chiqib ketgan Eron ayollar futbol terma jamoasining besh a’zosiga gumanitar viza taqdim etdi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

Avstraliya immigratsiya vaziri Toni Burk mazkur ayollar politsiya tomonidan xavfsiz joyga ko‘chirilganini ma’lum qildi. Viza olgan futbolchilar qatorida Fotima Pasandida, Zahro Qanbari, Zahro Sarbali, Otifa Ramazonzoda va Mona Hamudiy bor. Jamoaning qolgan qismi Gold-Kost aeroportiga olib borilgan va tez orada uchib ketishi kutilmoqda.

Foto: AFP via Getty Images

«Ular siyosiy faol emasliklarini, shunchaki xavfsiz bo‘lishni xohlayotgan sportchilar ekanini aniq aytishdi», — dedi vazir Toni Burk.

Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaniz qarorni tasdiqlab, jamoaning boshqa a’zolari uchun ham himoya olish imkoniyati ochiqligini ta’kidlagan. Xabarlarga ko‘ra, eronlik sharhlovchilar madhiyani kuylamagan jamoani urush davri xoinlari deb atagan va ularni qattiq jazolashni talab qilgan.

Foto: Reuters

Bunga javoban jamoa menejeri Marziya Jafari o‘z intervyusida vataniga qaytish niyatida ekanini bildirgan. AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z ijtimoiy tarmog‘ida Avstraliya hukumatining harakatini ma’qullagan hamda agar ular rad etsa, futbolchilarni AQSh qabul qilishga tayyorligini aytib o‘tgan.

Avvalroq O‘zbekiston ayollar termasi tarixda ilk bor Osiyo kubogi chorak finaliga yo‘l olgani haqida xabar berilgan edi.