Avto

«Omadsiz» Chevrolet avtomobillari: tarixdagi bahsli modellar

1970-yillarda ishlab chiqarilgan Chevrolet Vega modeli dastlab tejamkor va arzon avtomobil sifatida bozorga chiqarilgan
«Omadsiz» Chevrolet avtomobillari: tarixdagi bahsli modellar
Volt avtomobili / Foto: Olmaks Group

Chevrolet nomi avtomobil tarixida eng mashhur va ommabop brendlardan biri hisoblanadi. Kompaniya 1911-yilda tashkil etilgan va keyinchalik global avtomobil sanoatining muhim o‘yinchilaridan biriga aylangan. U ko‘pincha qulay narx, keng model qatori va ommaviy ishlab chiqarish bilan bog‘lanadi. «Kursiv» nashrining ushbu maqolasida brendning eng «omadsiz» yoki kutilgan natijani bermagan modellari haqida so‘z yuritiladi.

Chevrolet Vega

Foto: TREMEC Blog

1970-yillarda ishlab chiqarilgan Chevrolet Vega modeli dastlab tejamkor va arzon avtomobil sifatida bozorga chiqarilgan. Kompaniya uni kichik avtomobillar segmentida katta muvaffaqiyat qozonadi deb hisoblagan. Ammo model tez orada sifat muammolari bilan tanildi. Dvigatelning qizib ketishi, korroziya va material sifati bilan bog‘liq kamchiliklar tez-tez uchray boshladi. Bu esa avtomobil obro‘siga jiddiy zarar yetkazdi.

1972-yilda model bo‘yicha katta qayta chaqiruv kampaniyalari o‘tkazilgan. Ayrim baholashlarga ko‘ra, ishlab chiqarilgan Vega avtomobillarining katta qismi texnik muammolar sabab servisga qaytarilgan.

Chevrolet Corvair

Foto: Classic auto mall

Chevrolet Corvair avtomobili avtomobil tarixida eng bahsli modellar qatoriga kiradi. U texnik muammolardan ko‘ra jamoatchilik muhokamasi sabab «omadsiz» tamg‘asini olgan.

1965-yilda Ralph Nader yozgan «Unsafe at Any Speed» kitobi Corvair modelini xavfsizlik nuqtayi nazaridan tanqid qilgan. Bu kitob avtomobil xavfsizligi haqida global muhokamalarni boshlab berdi.

Keyinchalik National Highway Traffic Safety Administration tekshiruv o‘tkazib, Corvair boshqaruv va barqarorlik jihatidan zamondosh avtomobillardan yomon emas degan xulosani bildirgan. Shunga qaramay, model jamoatchilik ongida bahsli avtomobil sifatida qolib ketdi.

Chevrolet Citation

Foto: Vikipediya

1980-yillarda chiqarilgan Chevrolet Citation dastlab juda katta qiziqish bilan kutib olingan. Modelning ilk sotuvlari ham yuqori bo‘lgan. Biroq vaqt o‘tishi bilan tormoz tizimi bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lgan. Bu masala ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi va kompaniya qayta chaqiruv kampaniyalarini o‘tkazishga majbur bo‘ldi.

Citation modeli avtomobil tarixida «katta muvaffaqiyat bilan boshlanib, tez so‘ngan loyiha» sifatida esga olinadi.

Chevrolet SSR

Foto: car and driver

Chevrolet SSR modeli o‘zining noodatiy dizayni bilan mashhur bo‘lgan. Retro uslubdagi kabriolet pikap sifatida ishlab chiqilgan bu avtomobil ko‘pchilikning e’tiborini tortgan. Biroq uning narxi yuqori bo‘lgani sababli model keng omma orasida mashhur bo‘la olmadi. Pikap va kabriolet segmentlari o‘rtasida qolib ketgan avtomobil uchun xaridorlar yetarli bo‘lmadi.

SSR ishlab chiqarilishi qisqa muddat davom etdi va jami ishlab chiqarish hajmi nisbatan kam bo‘lib qoldi.

Chevrolet Volt

Foto: Edmunds

Chevrolet Volt modeli avtomobil sanoatida yangi texnologiyalarni sinab ko‘rgan avtomobillardan biri edi. Volt plug-in gibrid tizimi bilan elektr va benzin dvigateli kombinatsiyasini taklif qildi. Bu o‘z vaqtida innovatsion yechim hisoblangan.

Biroq ayrim xavfsizlik epizodlari, jumladan, batareya bilan bog‘liq yong‘in holatlari model atrofida muhokamalarni kuchaytirdi. Shunga qaramay, Volt elektromobillar rivojida muhim tajriba sifatida baholanadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Tracker avtomobili uchun chegirmalar e’lon qilingani haqida yozgan edi.