O‘zbekistonda baliq ovlashga vaqtinchalik taqiq joriy etiladi

O‘zbekistonda baliq resurslarini asrash va ularning tabiiy ko‘payishiga sharoit yaratish maqsadida ayrim suv havzalarida baliq ovlashga vaqtinchalik cheklovlar belgilanadi. Bu haqda Ekologiya vazirligi ma’lum qildi.
Belgilangan tartibga ko‘ra, 11-martdan 31-maygacha Amudaryo va Sirdaryoda baliq ovlash taqiqlanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi tabiiy suv havzalarida esa 26-apreldan 10-iyungacha baliq ovlashga ruxsat berilmaydi. Boshqa barcha tabiiy suv havzalarida 16-apreldan 31-maygacha baliq ovlash taqiqlanadi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur muddatlar baliqlarning ko‘payish davri hisoblanadi. Agar shu davrda baliq ovlash davom etsa, ularning soni keskin kamayishi va ayrim turlar yo‘qolib ketish xavfi yuzaga kelishi mumkin.
Shu bilan birga, ushbu cheklovlar sun’iy suv havzalari yoki irrigatsiya tarmoqlarida intensiv texnologiyalar asosida baliq yetishtirish, akvakultura faoliyati, shuningdek, qafas (sadok) usulida baliq yetishtirish va ovlash jarayonlariga tatbiq etilmaydi. Taqiqlangan muddat va hududlarda baliq ovlash ma’muriy hamda jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2025-yilda necha ming tonna baliq ovlangani haqida yozgan edik.