Qashqadaryoda 1,7 mlrd dollarlik 195 ta sanoat loyihasi ishga tushiriladi

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari va kelgusi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda viloyat katta hududi, boy tabiiy resurslari, rivojlangan sanoati hamda tadbirkor aholisi bilan katta iqtisodiy salohiyatga ega ekani ta’kidlandi. O‘tgan yilda hududda yalpi hududiy mahsulot 6,8 foizga, sanoat ishlab chiqarishi 7,2 foizga, xizmatlar sohasi 13,6 foizga, qishloq xo‘jaligi esa 4,3 foizga o‘sdi.
2017–2025-yillarda aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot 3,2 barobar oshib, 26,9 mln so‘mga yetdi. Shu davrda ishsizlik darajasi 4,9 foizgacha, kambag‘allik darajasi esa 6,5 foizgacha kamaydi.
Yig‘ilishda 2026-yilda iqtisodiyot tarmoqlarida yangi loyihalarni amalga oshirish orqali sanoatda 8,6 foiz o‘sishni ta’minlash rejalashtirilgani qayd etildi. $3,5 mlrd investitsiya jalb etib, $727 mlnlik mahsulot eksport qilish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, viloyatda $1,7 mlrdlik 195 ta sanoat loyihasini ishga tushirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda mikrosanoat markazlari tashkil etish rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan qishloq va suv xo‘jaligi muhandislarini tayyorlash tizimi takomillashtirilishi haqida yozgandi.