Yangiliklar

Qashqadaryoda 48 ming yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etiladi

$1,1 mlrddan ortiq investitsiya hisobiga 36 ta loyiha amalga oshiriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

2026 – 2027-yillarda Qashqadaryoda yangi sanoat zonalarini tashkil etib, $1,1 mlrddan ortiq investitsiya hisobiga 36 ta loyiha amalga oshirish va minglab yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda davlat rahbari ishtirokidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Unda Muborak maxsus innovatsion sanoat zonasi hamda Qarshi yashil texnologiyalar sanoat zonasini tashkil etish rejalari ma’lum qilindi. Ushbu hududlarda 2026 – 2027-yillarda $1,1 mlrddan ortiq qiymatdagi 36 ta loyiha amalga oshirilishi va 6 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda mahallalarni chuqur va o‘rta ixtisoslashtirish, imtiyozli kreditlar hamda subsidiyalar ajratish orqali kambag‘allikni qisqartirish zarurligi ham ta’kidlandi. Bu maqsadda mahallalarda 820 mlrd so‘mlik kreditlar, 52,3 mlrd so‘mlik ssuda va subsidiyalar ajratilib, o‘zini o‘zi band qilganlarni qo‘llab-quvvatlash orqali 48 mingta tadbirkorlik subyekti tashkil etish va 31 mingta mikroloyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Natijada 2026-yil yakuniga qadar viloyatda ishsizlik darajasini 3,2 foizgacha, kambag‘allik darajasini esa 3 foizgacha tushirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, G‘uzor, Qamashi, Ko‘kdala, Mirishkor, Shahrisabz va Yakkabog‘ tumanlarini kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilingan.

Shuningdek, viloyatda chorvachilikni rivojlantirish, ozuqa bazasini mustahkamlash va yaylov yerlaridan samarali foydalanish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi qayd etildi. 2030-yilgacha 200 ming gektar, jumladan 2026-yilda 15 ming gektar yer o‘zlashtirilib, ozuqa ekinlari, kartoshka, sabzavot, dukkakli hamda moyli ekinlar yetishtirish hajmini oshirish vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, joriy yilda g‘alla hosildorligini o‘rtacha 84,8 sentnerga, paxta hosildorligini 47,5 sentnerga, kartoshka hosildorligini esa 175 sentnergacha yetkazish rejalashtirilgan. Qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish uchun 48 ta g‘alla kombayni va 272 ta chigit ekish seyalkasi xarid qilinadi, suv tejovchi hamda zamonaviy agrotexnologiyalar keng joriy etiladi. Natijada qishloq xo‘jaligida daromadni 20 – 35 foizga oshirish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qashqadaryoda 1,7 mlrd dollarlik 195 ta sanoat loyihasi ishga tushirilishi haqida yozgandi.