Qashqadaryoda «G‘elon» xalqaro kurorti va yangi tog‘ turizm markazlari barpo etiladi

eʼlon qilindi
Joriy yilda viloyatda 45 ta mehmonxona va mehmon uyi tashkil etilib, qo‘shimcha 1130 ta joy yaratiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Qashqadaryoda turizmni rivojlantirish maqsadida yangi tog‘ turizm markazlari va xalqaro kurortlar barpo etilib, mehmonxonalar soni ham sezilarli darajada oshiriladi. Bu haqda prezident ishtirokidagi yig‘ilishda muhokama qilindi.

Yiliga 1 mln sayyohni jalb qilayotgan Miraki shaharchasi tajribasi asosida turizm loyihalarini boshqa tumanlarda ham kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Jumladan, Qamashi tumanida «Maydanak» baland tog‘ turizm markazini tashkil etish, Shahrisabz tumanida bir vaqtning o‘zida 13 ming sayyohga xizmat ko‘rsata oladigan «G‘elon» xalqaro umummavsumiy kurortini barpo etish, Yakkabog‘ tumani Tatar qishlog‘ida turizmni rivojlantirish hamda Hazrati Sulton cho‘qqisi hududida treking yo‘nalishlari va chodirli uylar oromgohini tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, joriy yilda viloyatda 45 ta mehmonxona va mehmon uyi tashkil etilib, qo‘shimcha 1130 ta joy yaratiladi.

Hududda yo‘l, uy-joy hamda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ham dasturlar ko‘rib chiqildi. Yangi yondashuv asosida Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi 2 ta tuman va 46 ta mahallada, shuningdek, og‘ir toifadagi 3 ta tuman va 108 ta mahallada ichki yo‘llar, suv ta’minoti, sug‘orish tizimi hamda elektr tarmoqlarini yaxshilash uchun jami 864 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Ijtimoiy sohada oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi. Jumladan, yangi davlat va xususiy bog‘cha hamda maktablar tashkil etish, 120 ming nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlash, 21,1 ming nafarini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish hamda «Ayollar daftari» orqali 102 ming nafariga yordam ko‘rsatish choralari ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Germaniya bilan hamkorlikda tartibli mehnat migratsiyasi va kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha yangi tashabbuslar taqdim etildi. Unga ko‘ra, 2026-yilda 3 ming nafar, 2027-yilda esa 5 ming nafar yoshni Germaniyaga ishga yuborish rejalashtirilgan. Ularni tayyorlash maqsadida Qarshi shahrida Ta’lim va texnologiyalar markazi tashkil etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qashqadaryoda 48 ming yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilishi haqida yozgandi.

Shuningdek