
Qishloq xo‘jaligi vazirligi havo haroratining keskin pasayishi va sovuq tushishi sababli qishloq xo‘jaligi ekinlarini himoya qilish bo‘yicha bir qator tavsiyalar e’lon qildi.
Ob-havo haroratining keskin pasayishi munosabati bilan qishloq xo‘jaligi ekinlariga salbiy ta’sirni kamaytirish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda uning tizimidagi ilmiy tadqiqot institutlari olimlari to‘qsonbosti usulida ekilgan piyoz va boshqa ekinlarni sovuqdan himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdi va dehqon-fermerlarga yetkazdi.
Mutaxassislar sabzavot ekinlarini sovuqqa chidamliligiga qarab bir necha guruhga ajratadi. Masalan, piyoz, sarimsoqpiyoz, shovul, rovoch va yerqalampir sovuqbardosh ekinlar qatoriga kiradi. Ular -10°C dan -15°C gacha, qor ostida esa -20°C dan -25°C gacha bo‘lgan sovuqqa bardosh bera oladi. Ayrim sabzavotlar esa qisqa muddatli sovuqni himoyasiz ham o‘tkaza oladi.
Sovuq kunlar o‘tganidan keyin ekinlarni tiklash uchun bir qator agrotexnik choralar tavsiya etiladi. Jumladan, ekinlarni mikroelementlar va aminokislotalarga boy preparatlar bilan qo‘shimcha oziqlantirish kerak. Bu borada Viusid yoki Biotrac kabi ozuqalarni barg orqali berish yaxshi samara berishi mumkin.
Shuningdek, o‘sishni tezlashtirish uchun sulfat ammoniya kabi tez ta’sir qiluvchi azotli mineral o‘g‘itlardan foydalanish tavsiya etiladi. Havo sovuq bo‘lgan paytda esa ekinlarni egat ustiga shaffof plyonka bilan yopish orqali issiqlikni saqlash mumkin. Tuproq namligini saqlash va sovuqning ta’sirini kamaytirish uchun sug‘orishni ham muntazam amalga oshirish zarur.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mart oyida qayerda qor yog‘ishi haqida yozgan edik.