Shaharlar tepaga qarab o‘sishi kerak — Sherzod Kudbiyev

eʼlon qilindi
Aks holda qishloq xo‘jaligi uchun yerlar yetmay qoladi
Shaharlar tepaga qarab o‘sishi kerak — Sherzod Kudbiyev
Foto: Kursiv Uzbekistan

Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyevning ta’kidlashicha, shaharlar gorizontal tarzda kengaymasligi kerak. Aks holda qishloq xo‘jaligi yerlari qisqarib boradi. Bu haqda u Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytdi.

«Shaharlar gorizontal o‘smasligi kerak, tepaga qarab o‘sishi kerak. Unaqada bu ham urbanizatsiya nuqtayi nazaridan, ham eng asosiysi qishloq xo‘jaligi yerlari yetmay qoladi. Hozir ham mana ko‘p hududlarimizda tegishli o‘sha mahsulotlarni chiqarishga qishloq xo‘jaligi yeri yetmayapti», deydi Kudbiyev.

Unga ko‘ra, yangi hududlarga infratuzilma olib borish xarajatlarni oshiradi. Yangi joylarda uy qurish nafaqat qurilish, balki yo‘l, elektr, suv va boshqa kommunikatsiyalarni tortish sabab ham qimmatga tushadi.

Shu sababli dunyoning ko‘plab davlatlarida shaharlar ixcham tarzda, ya’ni baland, zich binolar hisobiga rivojlantiriladi. Bu usul urbanizatsiya jarayonini samaraliroq tashkil qilishga yordam beradi va qishloq xo‘jaligi yerlarini saqlab qolishga imkon beradi.

Kudbiyevning aytishicha, 2025-yilda renovatsiya hududlari umumiy maydonning taxminan 15–16 foizini tashkil etgan. Rejaga ko‘ra, bu ko‘rsatkichni 2040-yilgacha 60 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Biroq jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi uylar «aqlli» suv hisoblagichlari bilan majburiy jihozlanishi haqida xabar berilgandi. Bu talab prezidentning 24-fevraldagi farmonida belgilangan.

Hujjatga ko‘ra, yangi quriladigan ko‘p qavatli uylarda yo‘laklar va xonadonlarga texnik reglamentlarga mos keladigan, sertifikatlangan suv hisoblagichlari o‘rnatilishi shart bo‘ladi.

Shuningdek