
General Motors yangilangan 2027-yilgi Chevrolet Bolt elektromobilini taqdim etdi. GM Authority jamoasi Los-Anjelesda avtomobilni sinovdan o‘tkazib, uni haydab ko‘rdi va yangi model haqida xulosa berdi.
Yangilangan Bolt tashqi ko‘rinishi bilan avvalgi modeldan ancha zamonaviy. Old va orqa qismi qayta ishlangan, yangi faralar avtomobilga zamonaviy ko‘rinish beradi. Model narxi ham nisbatan arzon hisoblanadi. Asosiy versiya taxminan $29 mingdan boshlanadi, to‘liq jihozlangan variant esa $40 mingga yaqin turadi.



Test-drayv davomida avtomobil boshqaruvi juda qulay ekani qayd etildi. Yangi elektr motor oldingisidan ham silliq ishlaydi va avtomobilni biroz tezroq qiladi. Tormoz tizimi ham to‘liq yangilangan. Oldingi Bolt modellari tormoz ishlashi bo‘yicha tanqid qilingan edi, yangi modelda bu muammo deyarli bartaraf etilgan.

Salon ham sezilarli yangilangan. Raqamli panel kattaroq ekran bilan ta’minlangan. Yangi multimedia tizimi Google xizmatlari bilan ishlaydi. Apple Music, Prime Video, HBO Max va boshqa ilovalarni avtomobil ichida ishlatish mumkin. Shuningdek, avtomobil kameralaridan videoregistrator sifatida foydalanish imkoniyati ham paydo bo‘lgan.
Xavfsizlik tizimlari ham kengaytirilgan. Super Cruise tizimi yo‘l bo‘ylab avtomatik harakatlanish, avtomatik qator almashtirish va navigatsiya bilan ishlash imkonini beradi. Avtomobilda ko‘plab saqlash joylari mavjud. Orqa qismda tekis yuk polining bo‘lishi yuk joylashni osonlashtiradi. Pol ostida ham qo‘shimcha yuk joyi bor.



Bolt Tesla Supercharger tarmoqlaridan foydalanish imkonini beruvchi NACS zaryadlash porti bilan jihozlangan. 5G internet qo‘llab-quvvatlanadi, avtomobil ichida Wi-Fi ham ishlaydi. Old o‘rindiqlar isitiladigan va shamollatiladigan qilib yaratilgan.
Shu bilan birga, ayrim kamchiliklar ham bor. Mutaxassislar avtomobil dizaynini kichik «o‘yinchoq avtomobil»ga o‘xshatib tanqid qilmoqda. Model faqat 18 oy ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Orqa eshik elektr yordamida ochilmaydi. Shuningdek, CarPlay va Android Auto tizimlari mavjud emas.
Shunga qaramay, sinov natijalariga ko‘ra, yangi Chevrolet Bolt o‘z sinfida arzon va zamonaviy elektromobil sifatida yaxshi taassurot qoldirgan. Mutaxassislar, ayniqsa, yangilangan tormoz tizimi va boshqaruv qulayligini eng katta yutuq deb baholamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi va eski Chevrolet Bolt modellari qanday farq qilishi haqida ma’lumot berilgandi. Yangi model aslida butunlay yangi platformada yaratilmagan. U 2022/2023-yillarda sotilgan Chevrolet Bolt EUV asosida ishlab chiqilgan va GM BEV2 platformasidan foydalanadi.
